Ramafosa JAR nega Isroilni sudga berganini aytdi

Olam

image

Janubiy Afrika Respublikasining G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilib, Isroilga qarshi Xalqaro sudga da’vo arizasi berishi Janubiy Afrikaning prinsipial pozitsiyasini ifodalaydi. Bu haqda Afrika mamlakati Prezidenti Kiril Ramafosa Mbombela shahrida hukmron “Afrika milliy kongressi” partiyasi tashkil etilganining 112 yilligini nishonlayotgan faollar oldida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

“Biz inson huquqlari masalasida qat’iy pozitsiyani egallaymiz va bu borada butun dunyo uchun namuna bo‘lamiz. Isroilga qarshi genotsid jinoyatlari uchun eng yuqori jahon sudiga da’vo arizasi berish bizning prinsipial qarorimizdir”, deydi davlat rahbari. 

"Falastin xalqi hozir bombardimon qilinmoqda. Falastinliklar o‘ldirilmoqda, Isroilda aparteid hukm surmoqda. Va biz falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun chiqishga majbur bo‘ldik", deya ta’kidladi Ramafosa. 

U Janubiy Afrikaning birinchi prezidenti Nelson Mandelaga ishora qilib, agar falastinliklar ham ozod bo‘lmasa, Janubiy Afrika Respublikasining mustaqilligi haqiqatda amalga oshmasligini qo‘shimcha qildi. 

"Ba’zi odamlar buni xavfli deb aytadi. Biz kichik davlatmiz, kichik iqtisodiyotimiz bor, lekin biz insoniylik tamoyillariga sodiqmiz. Janubiy Afrika o‘zining tashqi siyosatida izchil bo‘lib qolmoqda, uning asosiy tamoyillaridan biri shundaki, muzokaralar nizolarni hal qilishning eng yaxshi usuli", deydi Prezident Ramafosa.

Ma’lumot uchun, Janubiy Afrika 2023 yil 29 dekabr kuni Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari va “Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi konvensiyani buzganligi yuzasidan Gaagadagi Xalqaro sudga murojaat qilgan. Da’vo suddan Isroil Genotsid konvensiyasini va undan kelib chiqadigan majburiyatlarni buzadigan barcha harakatlarni darhol to‘xtatishni so‘raydi.

Joriy yilning 11 yanvar kuni Gaagada Janubiy Afrikaning da’vosi bo‘yicha birinchi eshituvlar boshlanadi. Shu kuni Janubiy Afrikani himoya qiluvchi bir guruh advokatlar o‘zining dalillarini  taqdim etadi. Janubiy Afrika huquqiy doiralariga ko‘ra, ularning vakillari, birinchi navbatda, suddan vaqtinchalik chora sifatida Isroilning G‘azo sektoridagi barcha harbiy harakatlarini to‘xtatish to‘g‘risida buyruq chiqarishni so‘raydi. Shundan so‘ng, janubiy afrikalik advokatlar ishni mohiyati bo‘yicha ko‘rib chiqishga tayyor.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil Prezidenti Isxak Gersog  AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda Janubiy Afrikaning yahudiy davlatini Gaagadagi Xalqaro Sudga bergan da’vosini "dahshatli va kulgili" deb atagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil JAR Ramafosa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made