Raqobatchisi paydo bo‘lgan ChatGPT hamma uchun tekin qilindi
Texnologiya
−
08 fevral
10839OpenAI ChatGPT Search xizmati kengaytirilgan holda foydalanishga taqdim etilganini e’lon qildi. Endi har kim hisob ochmasdan yoki tizimga kirmasdan ushbu xizmatdan foydalanishi mumkin. Bu haqda kompaniyaning X sahifasida xabar berildi.
O‘tgan kuzda ushbu vosita faqat pullik obunachilar uchun mavjud bo‘lgan, yil oxiriga yaqin esa tizimga kirgan foydalanuvchilar uchun ham ochilgan edi. Endi esa ChatGPT Search butunlay cheklovlarsiz foydalanish imkoniyatini beradi.
Ma’lumot uchun, ChatGPT Search internetdan ma’lumot qidirish va tegishli veb-manbalarga havolalar bilan tezkor, dolzarb javoblarni olish imkonini beradi. Ko‘pchilik hollarda ChatGPT avtomatik ravishda foydalanuvchi so‘ragan eng yangilangan ma’lumotni topadi. Bundan tashqari, foydalanuvchi chatbotga internetda qidiruv qilishni majburan buyurishi ham mumkin – buning uchun “Qidiruv” tugmasini bosish kifoya.
Ushbu e’lon OpenAI'ning Google qidiruv tizimi ustidan ustunlikka erishish niyatida ekanini anglatishi mumkin, biroq hozircha asosiy maqsad DeepSeek kabi yangi sun’iy intellekt raqobatchilaridan ilgarilab ketish bo‘lishi ham mumkin.
Bundan tashqari, kompaniya yaqinda o3-mini nomli yangi mantiqiy fikrlovchi sun’iy intellekt modelini taqdim etdi. Bu model butunlay bepul. Shuningdek, OpenAI Deep Research nomli yangi ChatGPT funksiyasini ham e’lon qildi. Ushbu funksiya yuzlab onlayn manbalar asosida batafsil hisobotlar tayyorlash imkoniyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 20 yanvar kuni DeepSeek kompaniyasi sun’iy intellekt asosidagi yordamchining R1 versiyasini chiqarganini e’lon qilgandi. Kompaniyaning rasmiy saytida bu versiya ChatGPT’dan qolishmaydigan darajada ekani qayd etilgan. Ushbu yangi versiya chiqarilganidan so‘ng tegishli mobil ilova bir qator mamlakatlarda reytinglar tepasiga ko‘tarildi. Xususan, Apple’ning App Store do‘konida DeepSeek yordamchisi AQSH, Buyuk Britaniya, BAA, Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoyda birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu xizmatning muvaffaqiyati 27 yanvar kuni AQSH texnologiya sektorida pasayish keltirib chiqardi. O‘sha kuni yuqori texnologiyali kompaniyalar indeksi Nasdaq Composite 3,7 foizga tushdi, Nvidia aksiyalari esa 17 foiz qiymatini yo‘qotdi.
LiveBarchasi