Raqobat qonunini buzgan aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan chora ko‘rildi
3-sahifa
−
10 Sentabr
1632“Yangiyo‘l yog‘-moy” AJga nisbatan manipulyatsiya harakatlarini sodir etganligi uchun tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 29-bandiga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini o‘tkazib borishi belgilangan.
Monitoring o‘tkazish natijasida, “Yangiyo‘l yog‘-moy” AJ tomonidan 2024 yil fevral oyida birja savdolariga 10 tonnadan ziyod narxi 250 mln so‘mga yaqin sovun mahsuloti tasdiqlangan grafik rejasi asosida muddatlar va hajmlarda qo‘yilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ushbu mahsulot umuman sotuvga chiqarilmagani aniqlandi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 311-bandi 18-xatboshisida, “Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish” harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi.
Yuqoridagilarga muvofiq, hududiy boshqarma tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “Yangiyo‘l yog‘-moy” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning iyul-avgust oylarida jami 20 mlrd so‘mga yaqin davlat xaridlari qonunchilikka zid tarzda o‘tkazilishining oldi olingandi.