Raqibim o‘ziga rosa bino qo‘ygan ko‘rinadi – Shohjahon Ergashev
Sport
−
03 iyun 2023
19883O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev kelgusi jangini jahon chempionligi kamari uchun o‘tkazadi. Bu haqda Amerikaning “ESPN KNOCK OUT” telekanalidagi efirda ma’lum qilindi.
Shohjahon Ergashev IBF reytingida super yengil vazn toifasi bo‘yicha 3-pog‘onada bormoqda va u chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar sanaladi. Ushbu vaznda IBF kamari sohibi puerto-rikolik Sabriyel Matias hisoblanadi.
Sabriyel Matias intervyulardan birida Ergashevning barcha kamchiliklarini bilishini va uni 8 raundda nokaut qilishini aytib o‘tgan.
Shohjahon Ergashev esa QALAMPIR.UZ'ga qisqa intervyu berib, raqibining gaplariga javob qaytardi.
“Raqibim o‘ziga rosa bino qo‘ygan ko‘rinadi. Nima bo‘lishini jangda bilib olamiz. Men tarix yaratmoqchiman. Bu yo‘lda tinimsiz mehnat qilyapman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi”, deydi Ergashev.
Biroz avval Ergashevning promouteri Dmitriy Salita ham Ergashev chempionlik jangida qatnashishini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 26 may kuni Matias birinchi himoya jangini sobiq jahon chempioniga qarshi o‘tkazishini e’lon qilgan edi. Undan avval esa Ergashev QALAMPIR.UZ'ga IBF kamari uchun jang qilishiga ruxsat berganini aytgandi.
LiveBarchasi