Raisiyning vafoti munosabati bilan qaysi davlatlarda motam e’lon qilindi?
Olam
−
21 may
23623Dunyoning kamida sakkiz davlati Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan delegatsiyaning vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan motam e’lon qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu davlatlar Hindiston, Iroq, Livan, Pokiston, Suriya, Tojikiston, Turkiyadir.
“Ko‘pchilik mamlakatlarda bir kunlik motam e’lon qilingan, faqat Suriya va Livanda uch kun, Tojikistonda esa ikki kun davom etadi. Islom respublikasida motam tadbirlari besh kun bo‘ladi”, deb yozadi nashr.
Tojikistonda mamlakatdagi barcha davlat radio va televideniyelariga ikki kun davomida ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar ko‘rsatmaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
“Bu Tojikiston hukumati va aholisining do‘st Eron xalqiga hamdardlik belgisidir”, deydi respublika Radio va televideniye qo‘mitasi rahbari Nuriddin Said.
Tojikistonda motam e’lon qilingani haqida rasmiy xabar berilmagan.
Shuningdek, Raisiy vafoti munosabati bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an xalqqa murojaat qildi.
Unda u "Eron xalqining dardiga sherik bo‘lish" uchun mamlakatda bir kunlik motam e’lon qilgan.
“Hukumat yig‘ilishida Eron xalqi boshdan kechirayotgan chuqur dardni baham ko‘rish uchun mamlakatimizda milliy motam kuni e’lon qilishga qaror qildik”, deydi Erdo‘g‘an xalqqa murojaatida.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ham mamlakatda motam e’lon qildi.
Hindistonda esa Ichki ishlar vazirligi tomonidan rasmiy bayonot e’lon qilindi. Unda 21 may kuni butun mamlakat bo‘ylab bayroqlar tushirilishi va barcha ommaviy tadbirlar bekor qilinishi aytildi.
“Biz birodarlarimiz, Eron xalqi va rahbariyati bilan ushbu og‘ir damlarda birdammiz va Prezident Raisiy, Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va ular bilan birga bo‘lganlarning hayotiga zomin bo‘lgan fojiali ofatdan keyin ularning qayg‘u va dardini baham ko‘ramiz. Iroq hukumati seshanba kunini butun mamlakat bo‘ylab motam kuni deb e’lon qildi”, deydi Iroq hukumati vakili Basim al-Avadiy.
Suriyaning SANA agentligining xabar berishicha, mamlakat hukumati halokatga uchragan vertolyotda Raisiy va uning hamrohlari halok bo‘lgani munosabati bilan uch kunlik umumiy motam e’lon qilgan.
“Suriya bayroqlari xorijdagi barcha elchixonalarda yarmiga tushiriladi”, deyiladi agentlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni Eron Prezidentini olib ketayotgan vertolyot Eron shimoli-g‘arbiy qismida qiyin qo‘nishni amalga oshirdi. Eron delegatsiyasi Ozarbayjondan qaytayotgan edi, u yerda Raisiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Umuman olganda, Prezident korteji uchta vertolyotdan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi xavfsiz qo‘ngan.
Qidiruv operatsiyasi 12 soatdan ortiq davom etdi. 20 may kuni Eron Qizil yarim oy jamiyati vertolyot qulagan joyni topdi. Raisiy, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va boshqa rasmiylar vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, bortda kamida sakkiz kishi, jumladan, ikki uchuvchi va bir texnik xodim bo‘lgan.
Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi.