Raisiy Ar-Riyodga taklif qilindi. Dushmanlikka barham berildimi?

Olam

image

Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni tiklashga kelishib olinganidan bir hafta o‘tib, Saudiya qiroli Salmon bin Abdulaziz al Saud Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyni rasmiy tashrif bilan Ar-Riyodga kelishga taklif qildi. Bu haqda Eronning yuqori martabali rasmiysi Muhammad Jamshidiy o‘z Twitter sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, qirol Salmon mazkur taklifni Raisiyga yuborgan maktubida bildirgan. Biroq Saudiya  tomoni bu ma’lumotni hali tasdiqlamagan. Muhammad Jamshidiy esa Raisiy buni mamnuniyat bilan qabul qilganini va Eron hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirgan.

Bundan tashqari,  Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir-Abdullaxon ikki davlat Tashqi ishlar vazirlari darajasida uchrashuv o‘tkazishga kelishib olingani va muzokaralar olib borish uchun uchta ehtimoliy joy taklif qilinganini aytgan. Biroq u uchrashuv vaqti va taklif qilingan joylarni ochiqlamagan.  

Eron va Saudiya nega dushman edi?

Saudiya Arabistoni va Eron orasidagi aloqalar 2016 yilda buzilgan edi. O‘shanda Ar-Riyodda shia musulmon ulamosi qatl etilishi ortidan ikki davlat o‘rtasidagi mojaro kelib chiqqan. Kelishmovchiliklar paytida Tehrondagi Saudiya elchixonasiga bostirib kirilishi ortidan Ar-Riyodning Eron bilan aloqalari uzilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni 2019 yilda Eronni neft inshootlariga raketa va dron zarbalarini amalga oshirish hamda Fors ko‘rfazi suvlaridagi tankerlarga hujum qilishda ayblagan. Eron ayblovlarni rad etgan.

Bundan tashqari, Yamandagi Eronga aloqador bo‘lgan hutiylar harakati ham Saudiya Arabistoniga transchegaraviy raketa va dron hujumlarini amalga oshirgan. Bunday zarbalar 2022 yilda Birlashgan Arab Amirliklariga qarata ham berilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy vositachiligida Eron va Saudiya Arabistoni o‘zaro aloqalarni tiklagan hamda ikki oy ichida elchixonalarini qayta ochishga kelishib olingan edi. Keyinchalik Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxaniy Birlashgan Arab Amirliklarida ham yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazib, Tehron Fors Ko‘rfazi davlatlari bilan aloqalarni kengaytirishga intilayotganini isbotlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Raisiy Ar-Riyod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing