Raddiyaga raddiya: QALAMPIR.UZ muxbirining sudda ishtirok etmasligi kimga kerak?

Tahlil

image

Yaqinda, 22 yanvar kuni QALAMPIR.UZ muxbirining jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tayotgan ochiq sud majlisiga kiritilmagani haqida maqola berilgandi. Bunga bugun, 24 yanvar kuni Oliy sud Matbuot xizmati o‘z raddiyasini e’lon qildi

Avvalo tahririyatimiz nomidan shuni ma’lum qilamizki, Oliy sud Matbuot xizmati mazkur raddiyani tayyorlash chog‘ida ochiqlik va shaffoflikni so‘rab murojaat etgan muxbirdan hech qanday izoh olmagan va holatga noxolis yondashgan. Raddiya taraflarni eshitib, vaziyatni atroflicha o‘rganib, so‘ng qaror qabul qilishi lozim bo‘lgan Oliy sud Matbuot xizmati tomonidan bir taraflama tayyorlangan. 

Raddiyadagi noto‘g‘ri ma’lumotlar haqida

Oliy sud raddiyasida: Ma’lum bo‘lishicha, Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandlari va boshqa moddalari bilan ayb e’lon qilinib sudga berilgan bir guruh sudlanuvchilarga oid jinoyat ishini birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqish bo‘yicha sudya X. Shermuxamedov raisligida navbatdagi sud majlisi 2020 yil 22 yanvar kuni soat 11:00 ga jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi binosiga tayinlangan.

Bundan tashkari jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2019 yil 23 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandlari va boshqa moddalari bilan sudlangan bir guruh shaxslarga oid jinoyat ishi ham apellyatsiya instansiya sudida ko‘rib chiqish bo‘yicha sudya R. Madumarov raisligida navbatdagi sud majlisi ham shu kuni soat 11:00 ga jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi binosiga tayinlangan.

Shu kuni soat 11:30 larda “Qalampir.uz” muxbiri Zafarbek Solijonov apellyatsiya instansiyasida kotiblik qilayotgan sud xodimiga murojaat qilib, ushbu sud majlisida qatnashishi va sud protsessini video tasvirga olishligini ma’lum kilgan. Sudya katta yordamchisi esa, apellyatsiya sud jarayonini video tasvirga olish uchun Jinoyat-protsessual kodeksi talabiga ko‘ra, avval raislik qiluvchiga iltimosnoma bilan murojaat qilish lozimligi, agar raislik qiluvchi ruxsat bersa, sud jarayonini video tasvirga olishi mumkinligini tushuntirgan.

Aslida: Muxbir Zafarbek Solijonov 22 yanvar kuni sud majlisi boshlanmay turib yetib borgan. Oliy sud raddiyasida tan olinganidek, yarim soat o‘tgan bo‘lsa-da, sud majlisi boshlanmagan edi. Muxbir sud majlisiga kiraverishda ichki ishlar formasidagi Milliy gvardiya xodimlariga uyali aloqa telefonini topshirgan. Haqiqatan ham muxbir sudya yordamchilariga shaxsni tasdiqlovchi hujjat va xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, ichkariga kirishini ma’lum qilgan. Ammo sudya yordamchilariga sud majlisini videotasvirga olish haqida so‘z ochmagan. Chunki, muxbirning yonida o‘z telefonidan boshqa hech qanday texnika vositasi bo‘lmagan.

Shu bilan birga, apellyatsiya tartibidagi ishlar mazkur sudda haftaning seshanba va juma kunlari o‘tkaziladi. Bahs bo‘lgan kuni haftaning chorshanba kuni bo‘lgan va birinchi instansiya tartibida ko‘riladigan ishlar kuni bo‘lgan. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, raddiyada aytilayotgan boshqa bir sudya R. Madumarov raisligidagi ish allaqachon ko‘rib bo‘lingan va uning tegishli ajrimi ham chiqarilgan.

Raddiyada: Ammo “Qalampir.uz” muxbiri Zafarbek Solijonov sud xodimining tushuntirishiga quloq solmay, sudga tashrif buyurgan boshqa fuqarolar oldida, sud protsessini videotasvirga olish uchun unga hech kim to‘sqinlik qilishga haqqi yo‘qligini, Jinoyat-protsessual kodeksi qonundan ustun emasligini, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasida jurnalistlar xohlagan joyga kirib, videoreportaj tayyorlashga haqli ekanligini, buni 500 ming so‘mdan bahs bog‘lashi evaziga isbotlab bera olishini aytgan. Shunda sud xodimi unga bahs bog‘lamoqchi emasligini, faqat kodeks talabini tushuntirayotganini ta’kidlagan. Shundan so‘ng “Qalampir.uz” muxbiri Z. Solijonov o‘zining mobil qo‘l telefoniga sud xodimini videotasvirga olgan va “seni bugunning o‘zidayoq “Ozodlik”ka chiqarib yuboraman!” – deya tahdid qilgan.

Aslida: Muxbir “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasidagi jumlani tushuntirib, istalgan sud jarayonida (yopiq suddan tashqari) hozir bo‘lish huquqi mavjudligi va bunda raislik qiluvchining ruxsati talab etilmasligini ma’lum qilgan. Jinoyat-protsessual kodeksi talablari bo‘yicha jarayonni diktofon, video yoki shunga o‘xshash texnika vositalari bilan yozib olishdagina raislik qiluvchining roziligi talab etilishini tushuntirgan. Ularga tushuntirishda noodatiy bahs yo‘lini tanlagan va bu orqali sud jarayoniga tezroq kirishni maqsad qilgan. Sud xodimini video tasvirga olmagan va unga “seni bugunning o‘zidayoq “Ozodlik”ka chiqarib yuboraman!” deb tahdid qilmagan. Zotan, Solijonov “Ozodlik”ning emas, QALAMPIR.UZ’ning xodimi. Internet-nashr esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan ro‘yxatdan o‘tgan. 

Tahririyat suddan bu holatni tegishli dalillar bilan isbotlab berishini talab qiladi. Agar bunga oid dalillari mavjud bo‘lsa, ushbu dalillovchi vositalarni (video, audioyozuv) tahririyatga yoki omma e’tiboriga havol etishini talab qilamiz. 

Raddiyada: Bu vaqtda birinchi instansiya sudida ish ko‘rayotgan sudya X. Shermuhamedovning yordamchisi sudga kelgan taraflar va ishtirokchilarga sud majlisi boshlanish arafasida ekanini, shuning uchun tezroq sud majlisi zaliga kirish zarurligini ma’lum qilgan.

Shu orada “Qalampir.uz” muxbiri Z. Solijonov sud majlisi zali joylashgan sud binosining 1-qavatiga bir necha marotaba kirib chiqqan.

Bundan ko‘rinadiki, “Qalampir.uz” muxbiri Z. Solijonovni ochiq sud majlisi zaliga boshqa fuqarolar kabi kirib o‘tirishiga imkoni bo‘lgan va unga hech kim to‘sqinlik qilmagan.

Aslida: Sudya yordamchilari muxbirni kiritmagach, u qonunda belgilangan huquqini amalga oshirish uchun sud zaliga kirishga uringan. Ammo sudya yordamchilari va ichki ishlar formasidagi xavfsizlik xodimlari tomonidan muxbirni sud majlisi o‘tkazilayotgan sud zaliga kirishi uchun to‘sqinlik qilingan.

Raddiyada: Ammo “Qalampir.uz” muxbiri Z. Solijonov birinchi instansiya sudi boshlanayotgan sud majlisi zaliga kirmasdan, u apellyatsiya instansiya sudida ko‘rilayotgan ish bo‘yicha sud xodimi bilan bahslashishni davom ettirgan. Taajublanarli tomoni shundaki, Z. Solijonov sud xodimiga aynan qaysi sud majlisiga kelganini aniq aytmasdan, faqatgina “metall” bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha kelganligi haqida murojaat qilgan (shu kuni birinchi va apellyatsiya instansiyalarida ko‘rilayotgan har ikkala jinoyat ishlari ham “O‘zmetkombinat” bilan bog‘liq ishlar bo‘lgan).

Muxbir sud xodimi bilan gap talashayotgan paytda sudya X. Shermuxamedov birinchi instansiya sudida ko‘rayotgan jinoyat ishi bo‘yicha sud tergovini boshlab yuborgan edi.

Aslida: Zafarbek Solijonov o‘sha kuni Bekobod metallurgiya kombinati ishi bo‘yicha 30ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishi yuzasidan sud majlisiga kelganini sud’ya yordamchisiga ma’lum qilgan. U mazkur ishga uchinchi bor qatnashishi bo‘lgan. Muxbir va sudya yordamchilari tortishayotganini ko‘rib turgan sudya Shermuhamedov e’tibor bermasdan sud ishini boshlab yuborgan. 

Vaholanki, muxbir o‘zini avvalgi sud majlislarida tanishtirgan bo‘lgan. Buni jinoyat ishidagi ishtirokchilar va ularning himoyachilari tasdiqlaydi. Muxbir sudya sud zaliga kirib ketayotgan vaqtda uni bir necha marta chaqirgan. Lekin u bunga e’tibor bermagan.

Raddiyada: 2020 yil 22 yanvar kuni “Qalampir.uz” muxbiri Z. Solijonov sud majlisiga raislik qiluvchi sudya X. Shermuxamedovga jinoyat ishida jurnalist yoki oddiy ishtirokchi sifatida ishtirok etish haqida murojaat qilmagan. Uning ushbu jinoyat ishida ishtirok etishi uchun kelganidan sud majlisida raislik qiluvchining mutlaqo xabari bo‘lmagan.

Aslida: “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra jurnalist sud majlisiga kirishi uchun sudyaning ruxsati talab etilmaydi. Sud majlisiga kirgach, tegishli guvohnoma va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatib, kimligi va nima maqsadda kelganini ma’lum qilishi mumkin.

Raddiya e’lon qilingach, Zafarbek Solijonov Oliy sud Matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov bilan telefon orqali muloqot qilgan va undan nega xolislikni ta’minlash maqsadida Oliy sudga chaqirilmagani yuzasidan izoh so‘ragan. Solijonov raddiyada bildirilgan fikrlar asossiz ekanini tushuntirishga harakat qilgan.

Shu holatda, Oliy sud Matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov muxbirdan muammo yuzaga kelgan vaqtda nega Matbuot xizmati bilan bog‘lanmagani, o‘sha zahotiyoq sud majlisiga kiritmaganlar ustidan shikoyat qilmagani sababini so‘ragan.  Muxbir esa “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun turganda bunga ehtiyoj yo‘qligini tushuntirgan. Matbuot kotibi mazkur muammoni o‘rganish ishlari jarayonida muxbirning chaqirilmagani sababi sifatida voqeaga guvoh bo‘lgan uch nafar sudya yordamchilari va ichki ishlar formasidagi Milliy gvardiya xodimlaridan izoh olinganini ko‘rsatgan. 

Ommaviy axborot vositasi kabi odil sudlovning ham oltin qoidasi – xolislik tamoyili hisoblanadi. Yuqoridagi davlat mas’ul xodimlarining barchasi so‘roq qilinsa ham, bu holatda ikkinchi taraf mustaqil OAV vakili Zafarbek Solijonov ekanligini tushunish qiyin emas. Nega Oliy sud tomonidan muxbir suhbatga chaqirilmagani hamon bizga noma’lumligicha qolmoqda. 

Qolaversa, xizmat tekshiruvi dalillar va isbotlar, ularni qo‘llab-quvvatlovchi boshqa vositalarga asosan olib boriladi. Bunda shunchaki og‘zaki gaplarga tayanilmaydi. Muxbirning sud majlisiga kiritilmagani fakt. Uning atrofidagi gaplar esa uning sudga kiritilmasligiga asos bo‘lolmaydi va bo‘lib o‘tgan voqealarni oqlamaydi. Agar muxbir qonunni buzgan bo‘lsa, buni isbotlab berish kerak. 

Oliy sud raddiyasi so‘ngida “Shunday ekan, “Qalampir.uz” sayti mutasaddilari ro‘y bergan holatni qonun nuqtai nazaridan xolis baholab, o‘zlarining adolatli xulosalarini bildiradi, degan umiddamiz”, deyiladi. Qonun eng avvalo vazifasi qonuniylikni ta’minlash bo‘lgan tashkilotlarda asosiy mezon bo‘lishi kerak. Agar qonun himoyachilarining o‘zi qonunni buzib tursa, boshqalardan nima kutish mumkin?

Yana shuni ham alohida qayd etib o‘tish o‘rinliki, bu muammo bugunning yoki faqat QALAMPIR.UZ muxbiri Zafarbek Solijonovniki emas. Agar sudlarda OAVga nisbatan “allergiya” mavjud bo‘lmaganda, sud zallariga kirish, sud majlislarida ishtirok etish emin-erkin bo‘lganda, bugun ushbu mavzu bu qadar shov-shuvga va e’tirozlarga sabab bo‘lmasdi. 

Ustiga-ustak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida o‘tkazgan yig‘ilishlarida, 22 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisda, shuningdek, kecha, 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida sud va ularning faoliyati, sudyalarning kasb intizomiga alohida to‘xtalib, masala yuzasidan tanqidiy mulohazalarini bildirdi. Yana bir bor ulardan shaffoflikni talab qildi. Shundan keyin ham o‘zgarish bo‘lmasa... Xulosa sizdan! 

Avval ta’kidlanganidek, muxbir Solijonov xuddi shu masalada bundan avvalgi sud majlislarida ishtirok etgandi. Uning aynan 22 yanvar kunidagi mahkamaga qo‘yilmasligi ham kishida savollarni uyg‘otadi. Holbuki, shu kuni "O‘zbekmetallurgiyakombinati" aksiyadorlik jamiyati sobiq bosh direktori Alik Nuritdinov hamda jamiyatning bosh hisobchisi sudda ishtirok etgan, ulardan ko‘rsatmalar olingan. Aynan shu kuni sud majlisida OAVning ishtirok etmasligi kimgadir, kimlargadir kerak bo‘lgandek go‘yo...


 


Maqola muallifi

Teglar

Oliy sud

Baholaganlar

164

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing