Braziliyada erkak o‘zini Oliy sud binosi oldida portlatib yubordi
Olam
−
14 noyabr
2376Braziliya fuqarosi mamlakat poytaxtidagi Oliy sud binosining kirish qismida o‘zini portlatdi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu hududda hammasi bo‘lib ikkita portlash bo‘lgan. Birinchisi bino yonidagi avtoturargohda turgan mashinada sodir bo‘lgan.
“Shundan so‘ng bir kishi Oliy sud binosiga kirishga urinib ko‘rdi, ammo uning urinishi muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. So‘ngra ikkinchi portlash sodir bo‘ldi“, dedi federal okrug gubernatori o‘rinbosari Selina Leao.
Uning aytishicha, o‘zini portlatgan odamdan boshqa qurbonlar yo‘q.
Portlash sodir bo‘lgan maydonda Braziliya hokimiyatining uchta (ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud) muassasalari joylashgan.
Xabarga ko‘ra, marhum 59 yoshda bo‘lgan. 2020 yilda u o‘zi yashagan Riu-du-Sul shahrida Liberal partiyaning shahar maslahatchisi nomzodi bo‘lgan. U Oliy sudga kelishdan oldin ijtimoiy tarmoqlarda portlashlar rejasini e’lon qilgan. U politsiyani portlashni oldini olish uchun 72 soati borligi haqida ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, 9 noyabr kuni Pokistonning Balujiston viloyati Kvetta shahridagi temiryo‘l vokzalida portlash sodir bo‘lgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi