Rabbimov Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar bo‘yicha qoraqalpoq xalqiga murojaat qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70 – 75 moddalariga taklif qilinayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarini, qardoshlikni, jondoshlikni orasiga rahna solishi mumkin bo‘lgan tashqi kuchlarga fitnalar uchun imkon bermaslik niyatida bo‘layapti. Bu haqda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi. 

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, 70 va 71-moddalar quyidagi tahrirda bayon etiladi: 

70-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunchiligida nazarda tutilgan barcha huquq va erkinliklar kafolatlanadi.

71-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z Konstitutsiyasiga ega. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga zid bo‘lishi mumkin emas.

72-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunchiligi O‘zbekiston Respublikasining yagona huquqiy tizimiga kiradi va u O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining tarkibiy qismidir.

74 va 75-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilmoqda:

74-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z hududida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq amalga oshiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy mansabdor shaxsidir.

75-modda. O‘zbekiston Respublikasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlanishi uchun zarur moliyaviy, moddiy, tashkiliy-texnik va boshqa shart-sharoitlarni yaratadi.

Ayni vaqtda qoraqapog‘istonliklar ichida ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqarayotgan ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan Kamoliddin Rabbimov shunday deydi: 

“Konstitutsiyamizning 70-75 moddalarini o‘zgartirish taklifi, ba’zi qoraqalpoq do‘stlarimizda – qardoshlarimizda ma’lum xavotirlarga sabab bo‘libdi. Men har doim mintaqada integratsiya, birlashuv tarafdori bo‘lganman. O‘zbekistonni Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan, qolaversa, Ozarbayjon va Turkiya bilan strategik yaqinlashui, ittifoqchiligi, birligi tarafdori bo‘lganman! 

O‘zbekistonni davlat tuzulmasi, sobiq SSSR davrida, ongli ravishda ziddiyatlar bilan rasmiylashtirilgan edi. O‘zbekiston, o‘zbeklar tarixda hech qachon qoraqalpoq jigarlarimizga jabr-zulm qilmagan. Aksincha, tarixda qoraqalpoq jigarlarimizning ajdodlariga jabr-zulm bo‘lganda, xorazm xonlari bu jigarlarimizni asrab qolishgan edi. 

Bugun ham O‘zbekiston qoraqalpoq jigarlarimiz o‘zligini saqlab, rivojlantirish yo‘lidan ketayapti. Biz, bir bir millat, bir davlatmiz! Taklif qilinayotgan o‘zgarish – ushbu bir xalqni, qardoshlikni, jondoshlikni orasiga rahna solishi mumkin bo‘lgan tashqi kuchlarga fitnalar uchun imkon bermaslik niyatida bo‘layapti. O‘zbekiston qoraqalpoq o‘zligiga, tiliga va madaniyatiga bosim qilmagan va qilish niyati ham yo‘q! 

Post-sovet hududida bo‘layotgan provokatsiyalarni ko‘rib turib, bu masalada birligimizga qarshi bo‘lgan tashqi kuchlarga imkon bermaslik kerak. Asossiz xavotir olayotgan qardoshlarimizga murojaatim shuki, globallashgan dunyoda, O‘zbekiston qoraqalpoq o‘zligiga, tili va madaniyatiga bo‘lgan hurmat-ehtirom, bo‘lgan va oshib boradi”.


Maqola muallifi

Teglar

Kamoliddin Rabbimov

Baholaganlar

952

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing