Rahmon Tojikiston IHT davlatlariga elektr berishga tayyorligini aytdi
Olam
−
10 noyabr 2023 4934 2 daqiqa
Tojikiston tez orada yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushiradi va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) davlatlarining ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirishga tayyor. Bu haqda respublika Prezidenti Imomali Rahmon kecha, 9 noyabr kuni Toshkentda o‘tgan sammitda aytib o‘tdi.
“Tojikiston o‘zining gidroenergetika salohiyatini amaldagi yashil energiya konsepsiyasiga muvofiq ishlatishga intiladi. Mamlakatimiz yaqin kelajakda qayta tiklanadigan manbalardan toza energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va IHT mintaqasini energiya bilan ta’minlashga hissa qo‘shish niyatida”, deydi u.
Rahmonning bildirishicha, 2030 yilgacha IHT o‘rtasida energetika sohada hamkorlik strategiyasi elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib borishini nazarda tutadi. Prezident mintaqaning energetika salohiyatini oshirish uchun xalqaro elektr uzatish liniyalari, jumladan, CASA-1000 qurilishi loyihalarini amalga oshirishni yakunlash zarurligini qo‘shimcha qildi. Ushbu loyiha Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida elektr energiyasini eksport qilish uchun liniyalarni o‘rnatishni nazarda tutadi.
Tojikiston rahbari o‘z nutqi chog‘ida IHTga a’zo mamlakatlar loyihalari amalga oshirilishini tekshirishni taklif qildi.
“Tashkilot doirasida erishilgan tegishli kelishuvlarning amalda bajarilishini nazorat qilish mexanizmlarini faollashtirish zarur, deb hisoblayman”, deydi u.
Prezident matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, Rahmon bu taklif bilan IHT kotibiyatiga ham murojaat qilgan.
Avvalroq Tojikiston Energetika vazirligi respublika 2030 yilgacha elektr stansiyalari quvvatini 4,7 ming MVtga (ya’ni, taxminan 40 foizga) oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Buni gidroyelektr stansiyalarini qurish va rekonstruksiya qilish, quyosh va shamol stansiyalarini qurish orqali amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti – a’zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilotdir. U 1964 yilda Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan “Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” nomi bilan tuzilgan.
Keyin 70-yillarda ichki mintaqaviy savdo susayib ketgani uchun o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 1985 yilda “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti” nomi bilan qaytadan o‘z faoliyatini boshladi. 1992 yilning 28 noyabrida Islomobod shahrida a’zo davlatlar Tashki ishlar vazirlari kengashining favqulodda yig‘ilishida Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlari IHTga a’zo bo‘lgan.
Live
Barchasi