Qo‘shtepa kanalida avariya bo‘ldi...mi?
Tahlil
−
16 dekabr 2023
17414Bundan 3-4 kun oldin “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlari Afg‘onistonda “Tolibon” tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa sug‘orish kanalida birinchi jiddiy "avariya" yuz berganini ma’lum qildi. Qayd etish joiz, bu xabar Markaziy Osiyo davlatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham jiddiy havotir uyg‘otdi. Xo‘sh, shusiz ham O‘zbekistonga bir qancha zarar olib keluvchi ushbu kanalda yuz bergan “avariya” qay darajada havotirli? Bugun shu haqda gaplashamiz. Assalomu alaykum.
“Chegara bilmas daryolar” ekspertlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshdan olingan so‘nggi suratlar suv sizib chiqqan hudud muttasil ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
“Kanaldan chiqib ketayotgan suvning kuchi va hajmi to‘qqiz kilometr uzunlikdagi suv maydonini hosil qilish uchun yetarli edi. Agar Yer orbitasidagi sun’iy yo‘ldosh optikasi orqali qarasa, bu ulkan ko‘lmakda boshqa bir gigant — tiranozavrning konturlari borligi ramziy ma’noga ega. Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldoshdan olingan so‘nggi suratlar suv sizib chiqqan hudud muttasil ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa “Tolibon”ning vaziyatni to‘g‘rilash qobiliyati yoki istagi yo‘qligini bildirishi mumkin”, deydi “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Aleksandr Kolotov.
Shundan so‘ng, ko‘pchilikka nomi notanish bo‘lgan, bu mavzuda avval lom-lim demagan Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “O‘zbekkosmos” agentligi birdaniga paydo bo‘ldi va bu holatga o‘z bayonotini berdi.
Agentlikka ko‘ra, “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlarining Qo‘shtepa kanalidan katta hajmda suv sizib chiqqani haqidagi xabari turli fazoviy o‘lcham aniqligidagi multispektral kosmik suratlarning retrospektiv tahlili asosida o‘rganib chiqilgan. Agentlik kanal qurilishi dinamikasini kosmik monitoring orqali muntazam kuzatib, qazish ishlari olib borilayotgan hududda o‘tgan yilning may oyidan boshlab yerosti sizot suvlarining ko‘tarilganini aniqlagan.
"Qurilish davomida kanalning to‘rtta qismida sun’iy to‘siqlar qoldirilgan bo‘lib, ular birinchi bosqich ishlari yakunida, 2023 yil 10 oktyabrda to‘liq olib tashlangan va suv oqimi hosil bo‘lgan. Kosmik monitoring natijasida 2023 yil 4 noyabr kuni Qo‘shtepa kanalining 75,6-kilometrida o‘ng qirg‘oqning 30 metrga yaqin qismidan suv sizib chiqishi aniqlangan. 5 noyabr kuni suv tarqalgan hududning maydoni 19,5 km kv, 25 noyabrda – 23,8 km kv, 13 dekabr holatiga esa 30,3 km kv ni tashkil etib, suvni to‘xtatish choralari ko‘rilmagan", deyiladi “O‘zbekkosmos”ning tahlilida.
Ekspertlar fikricha, ushbu holat kanal devorlari Amudaryodan kelayotgan suv oqimining bosimiga bardosh bera olmagani natijasida yuzaga kelgan. O‘z navbatida, kanal qurilishiga mas’ul afg‘on muhandislari yerosti sizot suvlarining me’yorini nazorat qilish maqsadida kanalning 75,6-kilometrida suv maqsadli ravishda ochiq hududga yo‘naltirilganini ta’kidlamoqda.
Qo‘shtepa kanali qurilishi dinamikasining kosmik monitoringi inshootning Amudaryodan suv olish qismida qazish ishlari yakunlanmagani, daryoga ulanish joyida hozirda 20 m ga yaqin qazilmagan hududning mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, o‘ta yuqori aniqlikdagi kosmik suratlarning tahlili natijasida sizot suvlarini tashqariga yo‘naltirish uchun kanal qirg‘og‘ida maqsadli ravishda qazish ishlari olib borilganining (maxsus texnikaning ishlatilishi, qazib olingan tuproq hajmining paydo bo‘lishi va hokazolar) vizual belgilari aniqlanmagan.
Bundan tashqari, mavjud materiallar suv sizib chiqish joyi atrofida hozirda sizot suvlari kamayib, kanal tubi asta-sekin qurib borayotganini ko‘rsatmoqda.
“O‘zbekkosmos”ning iddao qilishicha, “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlarining Qo‘shtepa kanali qirg‘og‘i Amudaryodan olinayotgan suv oqimi natijasida yuvib ketilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlari haqiqatga mos kelmaydi, sizib chiqqan suv sizot suvlari ekanligini tasdiqlaydi.
Xo‘p, “O‘zbekkosmos”ning ushbu bayonotiga ishonaylik ham deylik, ammo ibtidoiy usulda qurilayotgani aytilayotgan mazkur kanalning qurilishi xavfsiz tugallanishiga kafolat beriladimi? Bu savollarga aniq javob yo‘q afsuski.
Xabaringiz bor, joriy yilning 11 oktyabr kuni “Tolibon” Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanalining birinchi qismi qurib bitkazilgani va loyihaning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. Ayni paytda kanalning uchdan bir qismi qurib bitkazildi, bu qurilish ishlari rejadagidan ancha oldinda borayotganini anglatadi.
Ikkinchi bosqichda kanalning 177 km uzunlikdagi qismini qurish rejalashtirilgan. Uchinchi bosqich qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘ylab subkanallarni taqsimlashni o‘z ichiga oladi. Kanal qurilishi Afg‘oniston davlat kompaniyasiga yuklangan. Loyihaning umumiy qiymati 684 million dollarni tashkil etadi. Kompaniya vakillarining aytishicha, bu loyiha xorijlik mutaxassislar yordamisiz amalga oshirilmoqda.
Ammo qayd etish joizki, “Tolibon”ning ushbu megaloyihasi Markaziy Osiyo davlatlarida xavotir uyg‘otmoqda. O‘zbekiston tomoni muzokaralar uchun Afg‘onistonga Qo‘shtepa kanali orqali delegatsiya yuborishini allaqachon ma’lum qilgan edi.
“Ayni paytda, Toshkent va Ashxobod uchun Qo‘shtepa kanali masalasi muhim ahamiyatga ega. Amudaryo suvlari har ikki davlat uchun juda muhim, chunki Amudaryo barcha mavjud suv resurslarining qariyb 80 foizini tashkil qiladi”, deya qayd etgan siyosatshunos Parviz Mullajonov.
Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, qurilish tugallanganidan so‘ng kanal Amudaryo oqimining chorakdan uchdan bir qismigacha olib ketishi kutilmoqda, bu esa O‘zbekiston va Turkmanistonning bir qator viloyatlarida dala suvining jiddiy tanqisligiga olib kelishi mumkin.
“Muammo shundaki, “Tolibon” kanalni o‘ta ibtidoiy usulda qurmoqda. Mutaxassislar kanalning tubi va qirg‘oqlari mustahkamlanmagani, shu sababli suvning ko‘p qismi quruq, qumloq tuproqqa oqib o‘tib ketishi muqarrarligidan xavotirda. Shunga ko‘ra, bunday sharoitda Amudaryodan haqiqiy suv olish rejalashtirilganidan ancha yuqori bo‘lishi mumkin”, deydi Mullajonov.
Bundan tashqari, tubi gilli kanallarda suvning yo‘qotilishi sho‘rlanish va botqoqlanishga olib keladi, bu esa daryodan suv olishni yanada ko‘paytirishni talab qiladi.
Mullajonovga ko‘ra, ekspertlar Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlarining Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv komissiyasiga qo‘shilmoqchi emasligi, uning doirasida mintaqa davlatlari Amudaryo va Sirdaryodan suv olish kvotalari belgilanishidan xavotirda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Qo‘shtepa kanali qurilishi yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirgan edi. Prezident uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv balansini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini aytgan edi. “Tolibon”ning energetika va suv vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansur esa qo‘shni davlatlar bilan Amudaryo suvidan foydalanish muammosini muhokama qilishga tayyorligini, biroq Afg‘onistonning hech kim bilan suv bo‘yicha shartnomasi yo‘qligini bildirgan.
Darvoqe Afg‘oniston transchegaraviy daryolar va ko‘llarni boshqarish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi Transchegaraviy suvlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi 1992 yilgi konvensiyaning ishtirokchisi emas. Afg‘onistonning ushbu konvensiyaga qo‘shilmagani, mintaqada suvdan foydalanish jarayonlarini tartibga soluvchi barqaror huquqiy mexanizmlarning yo‘qligi Markaziy Osiyoda vaziyatni murakkablashtirmoqda.
Voqealar rivojini biz bilan kuzating, QALAMPIR.UZ da qoling.
LiveBarchasi