Damas taksilari halqning koriga yaragan va yaramoqda. Deputatlar Termizdagi taqiqqa munosabat bildirdi
Jamiyat
−
04 iyul 2019
6774O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Islomjon Zokirov Termiz shahrida Damas`larga yo‘lovchi tashish taqiqlanganiga munosabat bildirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda “Damas” rusumli avtomashinalarga Termiz shahri ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlanganligi va uning oqibatida 700 dan ortiq ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanayotgan haydovchilar va ushbu xizmatlardan foydalanib kelayotgan qo‘plab aholi vakillarining noroziliklari aks etgan ma’lumotlar tarqalmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2724 sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan Termiz shahar xokimining qarori bilan 2019 yil 1 iyundan boshlab Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan Damas yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugashi e’tirof etilib, ularni shahar atrofida xizmat ko‘rsatishga o‘tkazish hamda xarakatdan to‘xtatish xisobiga yangi yo‘nalishlarni tashkil etish, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan Damas yo‘nalishli taksilariga nisbatan murosasiz bo‘lish, javobgarlik masalasini hal etish vazifalari belgilanibdi.
Biroq, birinchidan, ijrosini ta’minlash nazarda tutilgan yuqorida ta’kidlangan Prezident qarorida Damas yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddatini tugatish va ularga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlash haqidagi biror bir jumlaning o‘zi yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi PQ-2724 sonli qarori bilan to‘liq tanishmagan aholida, Damas yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddatini tugatish va ularga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlash go‘yoki, “Prezident qarori bilan amalga oshirilayotgan ekan”, degan noto‘g‘ri xulosa paydo qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu PQ-2724 sonli qarori bitta shahardagi 700 ga yaqin kishini ishsiz qoldirish uchun emas, balki, aynan mamlakat shahar va qishloqlarida aholi bandligi muammolarini hal etishda avtotransport xizmatlari ko‘rsatishning rolini kuchaytirish maqsadida qabul qilinganligini ham unutmasligimiz kerak.
Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilini murakkablashtirishni va tadbirkorlik sub’ektlariga yangi majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlari javobgarligining yangi choralarini belgilovchi normativ hujjatda uning (yoki uning bir qismining) kuchga kirishi muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Bunda normativ hujjatning kuchga kirishi muddati u rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oydan kam bo‘lmasligi kerak.
Uchinchidan, davlatimiz siyosati noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotganlarga nisbatan murosasiz bo‘lishni emas, balki, ularni qonuniy faoliyat olib borishga o‘tkazish, buning uchun mavjud qiyinchilik va to‘siqlarni o‘rganib, ularni bartaraf etish orqali tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan.
Shuni ham unutmaslik kerakki, aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimi mutlaqo qoniqarsiz bo‘lgan vaqtlarda hamda hududlarda aynan yengil mashinalar, jumladan, Damas taksilari halqning koriga yaragan va yaramoqda.
Taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan har bir avtomashina, jumladan, Damas mashinalari eng kamida bitta ish o‘rni ekanligini, eng kamida bitta oilaning qozonini qaynatayotganligini ham, shuningdek, ushbu avtomashinalarni ko‘pchilik aholi aynan taksi xizmatini ko‘rsatish maqsadidagina sotib olgan va shuning uchun ham ushbu mashinalar xaridorgir hisoblanishini unutmasligimiz lozim.
Albatta, joylarda aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yaxshilash zarur. Biroq, bunga shu kunga qadar faoliyat ko‘rsatib kelgan tadbirkorlarning faoliyatini taqiqlash bilan emas, balki sog‘lom raqobat muhitini, qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda ichki avtomobil yo‘llarining sifatli darajaga keltirish kabi ishlarni yo‘lga qo‘yish orqali erishish lozim deb hisoblaymiz.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, mutasaddilar tomonidan yuqoridagi masalaga o‘z e’tiborlarining qaratishlarini so‘ragan holda ushbu masalaga daxldor amaldagi qonuniy tartiblarni ham quyida havola qilib o‘tmoqchimiz.
Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanadi.
Litsenziya berish, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar litsenziyalovchi organlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida yo‘lovchi va yuklarni xalqaro tashish bo‘yicha O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan, shahar, shahar atrofi, shaharlararo yo‘lovchi va yuklarni tashish bo‘yicha esa ushbu agentlikning hududiy boshqarmalari tomonidan qabul qilinadi.
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunda litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
• litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;
• yuridik shaxs tugatilganda - tugatilgan paytdan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda - qayta tashkil etilgan paytdan e’tiboran, bundan uning o‘zgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘shib yuborilishi mustasno;
• yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganda; yakka tartibdagi tadbirkorning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda yoki u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
• litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzganda; litsenziat litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda; litsenziyalovchi organning litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda; litsenziyaning amal qilish muddati tugaganda.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish litsenziyalovchi organ qaroriga binoan amalga oshiriladi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish ushbu moddaning birinchi qismi oltinchi - sakkizinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollarda sud tartibida amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi sud qarori litsenziatga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi. Litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida litsenziya litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yo‘q qilinishi kerak.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi ma’lumot ommaviy axborot vositalarida, shuningdek litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak.
Tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini tugatishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi", deyiladi maqolada.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr