QALAMPIR.UZ jurnalistiga prokuratura va ichki ishlar xodimlari tomonidan tahdid qilindi
Jamiyat
−
07 Sentabr 2021
16021QALAMPIR.UZ’ga Yunusobod tumani 2-mavzeda faoliyat olib borayotgan bir guruh tadbirkorlardan murojaat kelib tushdi. Unda ularga tegishli do‘konlar va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari noqonuniy qurilma sifatida buzib tashlanayotgani, biroq noqonuniy qurilma ekani haqida hech qanday hujjat, sud qarori yo‘qligi xususida so‘z borgan.
Murojaat kelib tushgan ilk soatlardayoq QALAMPIR.UZ jamoasi – jurnalist Feruza Najmiddinova va yurist-konsultant Shohruh Olimjonov, operator Xo‘jamiyor Xolmatov voqea joyiga yetib bordi.
QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi hududda haqiqatan ham tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan 14 ta do‘kon sud qarorisiz buzilayotganiga guvoh bo‘lgan.
“Do‘konlar buzilishida bosh-qosh bo‘lgan Yunusobod tumani 2-sektor kotibi Umid ismli shaxs QALAMPIR.UZ voqea yuzasidan izoh berishni istamadi”, deydi QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova
Prokuratura xodimi videolarni o‘chirish, aks holda jurnalistni va unga hamrohlik qilayotgan QALAMPIR.UZ xodimlarini Ichki ishlar bo‘limiga olib borish va kerakli joyda gaplashish bilan tahdid qilgan.
Ayni vaqtda mazkur holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. Birozdan so‘ng QALAMPIR.UZ guvoh bo‘lgan holat bo‘yicha to‘liq lavha e’lon qilinadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 5-moddasida Jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida:
• axborotni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish;
• axborot olish uchun davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga murojaat etish;
• davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallar va axborotdan foydalana olish;
• jurnalist tekshiruvi o‘tkazish;
• o‘zi tayyorlagan xabarlar va materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali imzosini yoki taxallusini qo‘yib tarqatish, ularda o‘z fikr-mulohazasini ifodalash;
• davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida va ommaviy tadbirlarida hozir bo‘lish;
• jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish yuzasidan mansabdor shaxs qabulida bo‘lish;
• ma’lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish;
• sudlarning ochiq majlislarida, harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish;
• e’lon qilishga tayyorlangan ma’lumotlarni tekshirish uchun mutaxassislarga murojaat qilish;
• basharti qonunni buzishga olib keladigan bo‘lsa, ommaviy axborot vositasi tomonidan berilgan topshiriqni bajarishni rad etish;
• o‘zi tayyorlagan xabar yoki materialning mazmuni tahrir jarayonida buzilgan degan fikrga kelsa, unga imzo qo‘ymaslik yoxud uni nashrdan olib qolishni (efirga bermaslikni) talab etish;
• axborot manbai yoki muallifning nomi sir saqlanishini talab qilish;
• taqdim etgan xabarining mazmunini ommaviy axborot vositasi buzib e’lon qilishi oqibatida o‘ziga yetkazilgan ma’naviy zarar va moddiy ziyon qoplanishini sud orqali talab qilish;
• jamoat birlashmalariga, shu jumladan jurnalistlarning xalqaro tashkilotlariga kirish huquqlariga ega deb yozilgan.
Shuningdek, jurnalist o‘ziga qonun hujjatlari bilan berilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadi.
Qolaversa, ushbu qonunning 8-moddasi bilan jurnalistning daxlsizligi ham belgilangan. Unga ko‘ra, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.
Tanqidiy materiallar e’lon qilganligi uchun jurnalistni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
LiveBarchasi