QALAMPIR.UZ muxbiri boshboshdoqlik va byurokratiya sabab Toshkent-Minsk reysidan qolib ketdi
Tahlil
−
12 Oktabr 2019
8026Bolalagimda “O‘zbekfilm”da ishlangan “Yettinchi jin” degan filmni qayta-qayta ko‘rardim. O‘sha filmda bosh qahramon kulol Nabining uyiga soliqdan qarzi borligini ro‘kach qilib kelgan o‘lponchilar uning bor-budini shilib ketgani yetmagandek, do‘q-po‘pisalar qilib, kulolni tahqirlaydi.
Ha, endi qadimda shunday zolimlar bo‘lganda. Yaxshiyam-ki, o‘sha zamonda yashamayotgan ekanmiz, deb qo‘yaman. Biroq ko‘cha-kuyda, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan Majburiy ijro byurosining ayrim xodimlari “Yettinchi jin”dagi o‘lponchilardan ham o‘zib ketishga qodir ekanini namoyon qilib tursa nima deysiz? Bu safar ular kimnidir talagani yo‘q, shunchaki, beparvoliklari sabab millionlab qilingan xarajatu xalqaro darajadagi hurmatni bir pul qilinishiga zamin yaratmadimikan? Quyida QALAMPIR.UZxodimi bilan sodir bo‘lgan voqeani hukmingizga havola qilishni joiz topdik.
Xayr, Toshkent! Salom, Toshkent!
Tahririyatimizga shu yilning avgust oyida “RosAtom” davlat korporatsiyasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi(Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda joylashgan) hamda O‘zbekiston Energetika vazirligi tomonidan Belarus Respublikasida joriy yilning 7-10 oktyabr kunlari o‘tkazilishi mo‘ljallangan press-tur bo‘yicha murojaat kelibtushdi. Press-turda muxbir Akbarjon Abduraimov ishtirok etishi ma’lum qilindi.Xalqaro va mahalliy tashkilotlarga barcha ma’lumotlar taqdim etildi. Oradan 1,5 oy vaqt o‘tdi.
Shu yilning 7 oktyabr kuni soat 08:30 da HY-709 reysi bilan Toshkentdan Minskka uchadigan samolyotga olingan chiptani qo‘lga olib, taomilga ko‘ra, Akbarjon Abduraimov Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportiga soat 06:00 da yetib keladi.
“Uzun navbatdan so‘ng, yashil va qizil chiziqli yo‘laklardan, teshirish moslalamalaridan o‘tib, kichkina darchaga pasportimni uzatdim. Bir zum kompyuterga tikilgach, menga ham yaxshilab qarab olgan chegarachi: “Siz, aka buyoqqa o‘tib turing, kerak payti o‘zimiz chaqiramiz”, dedi va meni odamlardan xoliga joyga boshlab bordi.
Siz “zapretda”siz, sizga yo‘l yo‘q.
Bu yerda mendan tashqari yoshi katta bir kishi bor edi. Uning aytishicha, odamlarga taqiq qo‘yilganmi-yo‘qmi, shuni aniqlash uchun ushlab turisharkan. Chamasi 15-20 daqiqalardan so‘ng, o‘zini DXX Chegara qo‘shinlari xizmati xodimi deb tanishtirgan shaxs “Siz zapretdasiz, sizga yo‘l yo‘q”, dedi. Men undan qanday qilib “zapret”ga tushganim haqida so‘radim. “Hozir shoshmay turing”, degan javobni berdi va yana 15 daqiqa o‘tgandan so‘ng “Sizni Navoiy viloyati sud ijrochilari taqiqqa qo‘ygan, shuning uchun xorijga ketolmaysiz”, dedi. Bu paytda soat 07:45 edi. Minskka uchadigan samolyot esa soat 08:30 osmonga ko‘tariladi.
Aliment va rasmiy xat kerak
Men Navoiy viloyatida tug‘ilgan bo‘lsam-da, 12 yildan beri poytaxtda yashayman. 2016 yilda rasman turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganman. O‘rtada bir nafar farzandim bor. Ular ham Toshkentda yashaydi. Farzandimning moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lab, u bilan sudning qaroriga binoan ko‘rishib turaman. Biroq shu yilning yanvarida sobiq turmush o‘rtog‘im aliment olishni to‘xtishini aytib, bankdagi hisob raqami va plastik kartochkasini yoptirdi. Alimentni yig‘ib berasiz, dedi u. Men alimentni o‘tgan 8 oy davomida pochta orqali yuborib turdim. Avgust oyida pochtadagilar bu pullarni sobiq xotinim olib ketmaganini va pullarni qaytib olishim kerakligini aytdi. Vaziyatdan Xatirchi tumani MIB ijrochisi Abror Sayfiyev xabardor edi. Pullarni olib, bankdan alohida hisob raqami ochdirdim. Pul kerak degan vaqti o‘sha yerdan oladi, dedim-da. Ilgari eshitganman, alimentdan qarzdorligi bor odamlarni chegaradan o‘tkazishmaydi deb, shuning uchun har ehtimolga qarshi qarzim bo‘lmasa-da, Majburiy ijro byurosining rasmiy saytiga kirib, u yerdan taqiqqa tushmaganimni bilib olgandim. Buni tushuntirsam-da, chegarachi: “To‘g‘ri tushuning, sizni 3 kunlik press-turga qo‘yib yuborsak, bizni qamab qo‘yishadi. Yaxshisi boshlig‘imizning oldiga tushing”, dedi va menga boshlig‘i o‘tiradigan joyni tushuntirdi. Aeroportning birinchi qavatidagi maxsus kodlangan eshik ochilgach, o‘zini chegara-bojxona xizmati rahbari deb tanishtirgan shaxs muddaomni bilgach, meni press-turga qo‘yib yubormasligini, buning uchun MIBchilar rasmiy xat berishi kerakligini aytdi. Chora topishning birdan-bir yo‘li sifatida “ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilishimni aytadi. Chegarachining aytganini qildim. Biroq, “ishonch telefoni”dagilar ham “Biz davlat xavfsizlik xizmatidanmiz, agar sizning qarzdorligingiz bo‘lmasa, buni yozma ravishda Navoiy viloyatidan tasdiqlatib kelganingizdan so‘ng ruxsat beramiz”, dedi. Axir yarim soatda uchib ketishim kerak, menga taqiq qo‘yilishi mumkin emas, buni rasmiy saytdan tekshirganman deganimda, ular “bizda o‘zimizning ichki tizim bor, hech qanaqa rasmiy saytga ishonmang”, deyishdi.
“Zapretchi” o‘zi qo‘ygan “zapret”ni inkor qildi
Chegarachilar qarzdorligim yo‘qligi to‘g‘risida rasmiy xat talab qilishgach, taxminan soat 07:45 da O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Navoiy viloyati Xatirchi tumani Majburiy ijro byurosining alimentlar bo‘yicha davlat ijrochisiga qo‘ng‘iroq qildim. Ijrochi: “Sizni taqiqqa qo‘ymaganmiz, bunday bo‘lishi mumkin emas, hozir Zarafshondaman, borsam keyin gaplashamiz”, dedi. Unga yaqin 15 daqiqa ichida uchib ketishim kerakligini aytdim. MIB ijrochisi chegarachilarining “ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni tushuntirdi. Lekin chegarachilar faqat rasmiy xatni talab qilishdi”, deydi Abduraimov.
Samolyot havoga ko‘tarildi. Jurnalist ortga qaytdi. Endi u o‘zi bilan ketolmay qolgan yukini olishi kerak. Biroq nafaqat xorijliklar, shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolari ham noliydigan “Toshkent” xalqaro aeroportidan yukni qaytarib olish ham ancha asab buzilishiga olib kelarkan. Kassada o‘tirgan keksa yoshdagi ayolga ketolmaslik sababini aytgan jurnalist, “keyingi reys bilan uchsam bo‘ladimi, bilet borish-qaytishga olingan edi”, deya murojaat qiladiyu baloga qoladi. Keksa xodima muxbirga shunday udag‘aylab beradi-ki, go‘yo aeroport kassa xodimasining otasinikiyu muxbir buni bilmaydi.
Boz ustiga, ishxonasidagilarga nima deydi, ular bunga ishonadimi, axir shuncha tayyorgarlik, xalqaro va davlat tashkilotining millionlar sarf qilingan xarajati-chi? Xo‘sh, nima uchun MIB fuqaroni bir og‘iz ogohlantirmasdan, taqiqqa qo‘ydi? Buni bildirish qiyinmidi? MIBning rasmiy sayti qarzdorlik bo‘lmaganini ko‘rsatsa-da, aeroportda xizmat faoliyatini olib borayotgan chegarachining ichki tizimi buning aksini ko‘rsatyapti. Xo‘sh, bunday ma’lumot ichki tizimga qanday tushib qolgan? Agar rasmiy saytdagi ma’lumotlar noto‘g‘ri va u aeroportdagi ichki tizimga mos kelmasa, unda bu saytni yaritishdan maqsad nima? Odamlarni aldash, sarson qilishmi? Xo‘sh, odamlarga ma’lumot beradigan rasmiy sayt yolg‘onchimi yoki DXXning ichki tizimi? Savollar bisyor javob esa...
Jurnalist nima deydi?
“Aeroportdan qaytgach, Navoiy viloyati Xatirchi tumani MIBdagilar bilan bog‘landim. Ular tez orada bilib beramiz deyishdi. Tez bilib berishiga ham 3 kun ketdi. O‘zini davlat ijrochisi deb tanishtirgan Xatirchi tumani MIB xodimi Sardor Qudratov 7 oktyabrda Toshkent xalqaro aeroportidagi “zapret”imning sababini 10 oktyabr kuni aytdi. Menga shu yilning 1 aprelida taqiq qo‘yilgan ekan. Taassufki, bu haqda 7 oktyabr kuni bildim. Meni o‘ylantiradigani shuki, Davlat rahbari qog‘ozbozliklarga chek qo‘yish, odamlarni sarson qilishni to‘xtatish, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish to‘g‘risida ko‘rsatmalar beryapti, qarorlar imzolayapti. Lekin, hanuz bizda qog‘oz gapiryapti, “ichki tizimlar” va rasmiy saytdagi ma’lumotlar bir-biriga zid kelyapti.
“O‘rmonga o‘t ketsa ho‘lu-quruq barobar ënadi”, deyishadi. Biroq biz o‘rmon yoki undagi shox-shabbayu o‘t-o‘lan emasmizki, o‘zimiz xabarimiz bo‘lmasdan “zapret”ga tushsak. Tag‘in bular, davlatning inshongan odami emish”, deya so‘zlarini yakunlaydi Abduraimov.
Achchiq bo‘lsa-da haqiqat
MIBchilar bir naqlni esidan chiqarmasligi shart. “Besh barmoq baravar emas”. Chunki, o‘z farzandining ijtimoiy ta’minotidan qochish uchun hamma ham xorijga ketmaydi. Davlatning ishongan odami bo‘lgan ijrochilar har qanday holatda ham taqiq haqida uning egasini ogohlantirishi shart. Axir qarzdor bo‘lib qolsangiz, hay-haylashingizga ham qaramay bor-budingizni musodara qiladiganlar ham shularning o‘zi-ku.
Gapning indallosi, MIBning yoki boshqalarning aybi bilan xorijga chiqishdan mosuvo bo‘layotganlar ozmuncha deysizmi... Bu birgina poytaxt Toshkentda mamlakatning bosh havo darvozasida kuzatilayotgan holat. Boshqa hududlarda-chi? Yana bir jihatga e’tibor qaratishingizni so‘raymiz. Jurnalist Akbarjon Abduraimov uchadigan samolyot soat 8:30 da havoga ko‘tarilishini hisobga olsak, undan xat so‘ragan chegarachilarga rasmiy javob beruvchilar ya’ni MIB soat 09:00 da ish boshlaydi. Buning ustiga xatning Navoiydan kamida 6-7 soatda yetib keladi. Sizningcha, bu yerda mantiqsizlik kelib chiqmayaptimi? Abduraimov-ku boshqalardan farqli o‘laroq MIB xodimining shaxsi telefoni raqamini bilgan va u bilan bog‘lana olgan. Xo‘sh, boshqalar-chi? Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, pullari havoga uchib ortiga qaytadimi? Buning badalini kim to‘laydi?
O‘tgan asrda parchalanib ketgan dunyoning eng yirik mamlakati ham byurokratiyaga asoslangan edi. Hozir zamonaviy texnologiyalar rivojlangan bir paytda biz rasmiy xat so‘rashni, alohida axborot tizimlari va rasmiy ma’lumot beruvchilarni bir-birini inkor qilishiga aylantirib qo‘ydik.
Biz o‘rmonlarga boy mamlakatda yashayotganimiz yo‘q, qog‘oz chetdan valyuta hisobiga kirib kelyapti. Shuning uchun, “rasmiy xat”ni so‘rashning o‘rniga odamlar soniyalarda ishini bitkazayotgan global tarmoq bilan ishlashni rivojlantirmas ekanmiz, bunday ko‘ngilsizliklar sodir bo‘laveradi. O‘rtada odamlarning davlat va uning tashkilotlariga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi.
Shuni unutmangki, biz qandaydir yopiq mamlakatda yashayotganimiz yo‘q.
LiveBarchasi