QALAMPIR.UZ maqolasidan keyin Abram Niyozovga yordam berildi

Jamiyat

image

Bir necha kun avval, saytimizda Janubiy Koreya davlatida 2018 yilning iyul oyidan buyon og‘ir ahvolda shifoxonada yotgan O‘zbekiston fuqarosi Abram Niyozov haqida maqola e’lon qilingandi.

Unda shifoxonaning jonlantirish bo‘limida qolayotgan Abram Niyozovga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilganidek yordam ko‘rsatilmagani, bemorning akasi Azizjon Oqilovga O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi tomonidan yordam ko‘rsatilmagani, bayonot yolg‘on ma’lumotlarga asoslangani qayd etilgandi.

QALAMPIR.UZ maqolasidan keyin Azizjon Oqilov yordam so‘rab murojaat qilgan masalalar o‘z yechimini topa boshlagan.

Joriy yilning 5 aprel kuni Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi Abram Niyozovning onasi Nasiba G‘afurova va singlisi Noziya Nazimovaning Koreya Respublikasiga bora olishlari uchun viza muammosini hal qilib bergan.

Azizjon Oqilov 13 aprel kuni onasi va singlisi Koreyaga kelishini ma’lum qildi. Shuningdek, ko‘rsatgan yordami uchun TIV va elchixonaga minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukasi Abram Niyozovni O‘zbekistonda davolash imkoniyatlari ko‘rib chiqilyapti.

“Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ukam Abram Niyozovni O‘zbekistonda davolash bo‘yicha xat chiqarish niyatida ekanini maelum qilgandi”, dedi Azizjon Oqilov.

Ma’lumot uchun, Abram Niyozov Janubiy Koreyaga Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi orqali ketgan. U Seuldagi shifoxonada davolangani uchun shifoxona 93 ming dollarlik hisob chiqargan.


Maqola muallifi

Teglar

Abram Niyozov Azizjon Oqilov

Baholaganlar

56

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing