Putinning vertolyoti dron hujumiga uchradi – OAV
Olam
−
25 may 41826 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning vertolyoti Kursk viloyatiga uchayotganida Ukraina dronlarining keng ko‘lamli hujumiga uchradi. Bu haqda “Rossiya” telekanali efirida havo hujumidan mudofaa bo‘linmasi qo‘mondoni Yuriy Dashkin ma’lum qildi.
Dashkinning so‘zlariga ko‘ra, Putinning Kursk viloyatiga tashrifi chog‘ida ukrainalik harbiylar “uchuvchisiz uchish apparatlari bilan misli ko‘rilmagan hujum” uyushtirgan.
“Biz bir vaqtning o‘zida havo hujumiga qarshi kurash olib bordik va Prezident vertolyotining havoda xavfsizligini ta’minladik. Vertolyot aslida dushman dronlarining yirik hujumini qaytarish epitsentrida edi”, dedi Dashkin.
Uning ta’kidlashicha, jami 46 ta samolyot tipidagi dron yo‘q qilingan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 20 may kuni Kursk viloyatiga tashrif buyurib, gumanitar shtabda ko‘ngillilar bilan uchrashdi. Bundan tashqari, Putin mahalliy hokimiyat rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazgan, shuningdek, viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn bilan uchrashgan hamda Kurschatov shahridagi qurilayotgan Kursk AES-2 ob’ektini ko‘zdan kechirgan.
Eslatib o‘tamiz, Putin Kursk viloyatiga oxirgi marta joriy yilning 12 mart kuni borgan edi. O‘shanda u harbiy kiyimda Kursk harbiy guruh boshqaruv punktlaridan birida yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov viloyatda Ukraina qurolli kuchlarining qurshab olingani haqida hisobot bergandi.
Ukraina qurolli kuchlari Kursk viloyatiga hujumni o‘tgan yili 6 avgust kuni boshlagan edi. Bir necha kundan so‘ng o‘sha paytdagi viloyat rahbari Aleksey Smirnov ukrainalik harbiylar nazoratiga 28 ta aholi punkti o‘tganini, taxminan 180 ming kishi evakuatsiya qilinganini, shulardan 121 ming nafari o‘z ixtiyori bilan ketganini ma’lum qilgan.
Harbiy harakatlar davomida Rossiya Mudofaa vazirligi 59 aholi punkti, jumladan, ukrainaliklar tomonidan yagona egallangan shahar – Sudjani ozod etilganini bildirgan. Joriy yil 26 aprel kuni vazirlik Ukraina qurolli kuchlari viloyatdan to‘liq siqib chiqarilganini e’lon qilgan. Gerasimov bu boradagi yordam uchun Shimoliy Koreya harbiylariga minnatdorlik bildirgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr