Kim nihoyat askarlarini Kurskka yuborganini tan oldi

Olam

image

Shimoliy Koreya Rossiyaning Kursk yaqinida o‘tgan harbiy operatsiyada o‘z harbiylarining ishtirokini ilk bor rasman tan oldi. Bu haqda mamlakat yetakchisi Kim Chen Inning bayonotiga tayanib, Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Pxenyanda Kursk viloyati uchun janglarda halok bo‘lgan shimoliy koreyalik harbiylar xotirasiga “Jangovar shon-sharaf monumenti” qad ko‘taradi.

KXDR yetakchisi Shimoliy Koreya Qurolli kuchlarining bu operatsiyadagi ishtirokini “KXDR va Rossiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va birdamlikni monolit tarzda mustahkamlash uchun muqaddas missiya” deb atagan.

“Vujudga kelgan urush sharoiti KXDR va Rossiya o‘rtasidagi “Har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risida”gi shartnomaning 4-moddasini amalda qo‘llashga mos keladi”, deyiladi xabarda.

Kursk viloyatining ozod etilishi munosabati bilan Kim Chen In barcha shimoliy koreyalik askarlarni “adolat uchun kurashgan qahramonlar va Vatanning sharafli vakillari” deb atagan. U Pxenyanda tez orada KXDRning faxrli o‘g‘illari qahramonligini sharaflovchi jangovar jasorat monumenti barpo etilishini va halok bo‘lgan jangchilar qabrlariga Vatan va xalq nomidan abadiy xotira gulchambarlari qo‘yilishini va’da qilgan.

Ma’lumot uchun, bungacha Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov ham Kursk mintaqasidagi janglarda shimoliy koreyalik askarlar ishtiroki haqida ilk bor ochiq gapirgan. U KXDR harbiy xizmatchilari Ukraina Qurolli Kuchlari bo‘linmalaridan Kursk viloyatini ozod etishda sezilarli yordam ko‘rsatganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Shimoliy Koreya 2024 yil iyun oyida “Har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risida”gi shartnomani imzolagan edi. Ushbu shartnoma ikki davlat o‘rtasida harbiy ittifoq tuzishni nazarda tutadi.

AQSH, Janubiy Koreya va Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oktyabr oyida Rossiyaga 10 mingdan 12 minggacha shimoliy koreyalik harbiylar yetib kelgan. Ular Rossiya safida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishga jalb qilingan. KXDR bo‘linmalari Kursk viloyatidagi janglarga ham jalb etilgan.

2024 yil yanvar oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Shimoliy Koreya urushda taxminan 4 ming nafar askarini o‘lik va yarador sifatida yo‘qotganini bildirgan edi. Xuddi shunday baholarni hozirda Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi ham taqdim etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shimoliy Koreya Kursk Pxen'yan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing