Putinning Ukrainadan tashqarida ham ambitsiyalari bo‘lishi mumkin – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning hududiy ambitsiyalari Ukrainadan tashqariga ham tarqalishi mumkinligini istisno etmayapti. Bu haqda u kecha, 25 iyun kuni Gaagada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Menimcha, bu mumkin”, dedi u jurnalistlarning savoliga javoban.

Shu bilan birga, Tramp Putin “muzokaralar olib borishini” va Ukrainaga qarshi urushdan chiqishni istashiga ishonch bildirdi, chunki “u uchun bu butunlay chalkashlik”.

Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Putin unga qo‘ng‘iroq qilib, Eron masalasida yordam taklif qilgan, biroq u Putinga Rossiya bilan “yordam bergani” ma’qulroq ekanini aytgan. 

“Menimcha, u shunchaki sarosimaga tushgan odam. Men juda hayronman. Hammasini osonlikcha hal qilamiz deb o‘yladim”, deb ta’kidladi Amerika rahbari.

Nega prezidentlikka qaytganidan keyin besh oy o‘tib, saylovoldi chog‘ida Ukrainadagi urushni tugatish haqidagi va’dasini bajarmagani haqidagi savolga Tramp Putin “juda og‘ir odam” va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan “muammolar borligini” aytdi.

U yana Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchi ekanini qo‘shimcha qildi, biroq qachonligini aytmadi.

25 iyun kuni Tramp Gaagadagi NATO sammitidan keyin Zelenskiy bilan uchrashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bilan Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilmagan, shunchaki “uning ahvolini” bilib olgan.

“Uchrashuvdan shuni angladimki, Zelenskiy buning tugashini xohlaydi. Men Putin bilan gaplashishim kerak, keling, buni yakunlay olamizmi? O‘tgan haftada qariyb yetti ming Ukraina va Rossiya askari halok bo‘lgan”, dedi Tramp.

O‘z navbatida, Zelenskiy AQSH Prezidenti bilan Ukraina shaharlarini himoya qilish uchun Amerikaning Patriot havo mudofaa tizimlarini sotib olish va dronlarni birgalikda ishlab chiqarish imkoniyatlarini muhokama qilganini aytdi. Shuningdek, u Trampga Rossiya delegatsiyasi bilan Istanbulda olib borilgan muzokaralar, asirlar va o‘liklarni almashish haqida gapirib berdi.

“Biz jang maydonidagi vaziyat haqida gaplashdik. Putin aniq g‘alaba qozonmayapti. Prezidentga haqiqatda joylarda sodir bo‘layotgan voqealarni faktlar bilan tanishtirdim”, deya xulosa qildi Zelenskiy.

G‘arb harbiylari va siyosatchilari muntazam ravishda Putin NATOga hujum tayyorlayotgan bo‘lishi mumkinligini aytishadi. Ularning prognozlariga ko‘ra, bu 3-5 yil ichida sodir bo‘lishi mumkin va maqsad Boltiqbo‘yi mamlakatlari – Latviya, Litva yoki Estoniya bo‘ladi.

Putin allaqachon harbiy xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning 7 foizigacha oshirgan va hozirda xarajatlar davlat byudjetining uchdan biridan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.

Shu bilan birga, Finlyandiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari bilan chegaradosh Leningrad harbiy okrugida harbiy bazalar, qurol-yarog‘ va texnika omborlari, shuningdek, o‘n minglab harbiy xizmatchilarni boshqarish uchun armiya shtab-kvartirasi qurilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing