Putinning Ukraina haqidagi bayonotlari gallyutsinatsiyaga o‘xshaydi – ISW

Olam

−

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning sentyabr oyida mamlakat qo‘shinlarining Ukrainada keng miqyosda oldinga siljigani haqidagi bayonotlari frontdagi real vaziyatdan shunchalik farq qiladiki, ular “gallyutsinatsiyani eslatmoqda”. Bu haqda Urushni o‘rganish instituti (ISW) yozmoqda.

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, Putin tomonidan ta’kidlangan 1301 kvadrat kilometr maydonni egallash o‘rniga, Rossiya qo‘shinlari bir oraliqda 80,81 kvadrat kilometrlik sof hududiy yo‘qotishlarga uchragan.

Putin joriy yilning 1 oktyabr kuni “Valday” munozara klubi yig‘ilishida sentyabr oyida Rossiya armiyasi Ukraina hududining 1301 kvadrat kilometri ustidan nazorat o‘rnatganini ma’lum qilib, bu “o‘tgan oylardagiga qaraganda 2,5 baravar ko‘p” ekanini ta’kidlagan. ISW front chizig‘idagi vaziyat tahlili asosida bunga qarama-qarshi xulosaga kelgan. Agar Rossiya harbiylarining o‘zlari nazorat ostiga ola olmagan hududlarga yorib kirish holatlari hisobga olinsa, Rossiyaning sentyabr oyidagi sof hududiy yo‘qotishlari yanada ko‘proq – 175,18 kvadrat kilometrni tashkil etadi.

ISW’ning hisoblashicha, Putinning bayonotlari jang maydonida sodir bo‘layotgan hodisalarning soxta manzarasini yaratadi va Kremlning vaziyatni o‘zi uchun manfaatli rakursda ko‘rsatishga qaratilgan harakatlariga mos keladi. Institut buni kognitiv urushning bir qismi deb ataydi.

Shu bilan birga, ISW Putin o‘zi tomonidan yangragan raqamlarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bilishi yoki bilmasligini qat’iy ta’kidlamaydi. Institut bahosiga ko‘ra, Putinga Rossiya harbiy qo‘mondonligi tomonidan berilgan ma’lumotlar buzib ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Bu esa Rossiya harbiy tuzilmasida muvaffaqiyatsizliklarni yashirish va rahbariyatga ma’qul axborotni taqdim etish madaniyatining chuqur ildiz otgani bilan bog‘liq.

Qo‘shinlarning oldinga siljishini baholashdan tashqari, Putin Rossiya Donetsk viloyatining butun hududini Yevropa va Ukraina kutganidan ancha ertaroq egallashga qodirligini aytgan va Kiyevga Donbassdan voz kechish maqsadga muvofiqligiga shama qilgan. Vaholanki, Rossiya 4,5 yillik keng miqyosli urush davomida ushbu hududni to‘liq okkupatsiya qila olgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha barcha takliflar hali ham muhokama uchun ochiq ekanini, biroq Moskva o‘z manfaatlarini hisobga olishi kerakligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing