Putinning tanqidchisi chorak asrga qamaldi
Olam
−
17 aprel 2023
11144Bugun, 17 aprel kuni Kremlni oshkora tanqid qilib kelgan siyosatchi Vladimir Kara-Murza davlatga xiyonatda ayblanib, Moskva sudi tomonidan chorak asrga qamoqqa tashlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
41 yoshli Kara-Murza Rossiya va Britaniya pasportlariga ega muxolif siyosatchi bo‘lib, u yillar davomida Prezident Vladimir Putinga qarshi gapirgan hamda G‘arb hukumatlarini Rossiya va ayrim fuqarolariga inson huquqlarini buzganliklari uchun sanksiyalar kiritishda lobbilik qilgan.
Suddan Kara-Murzani 25 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan davlat prokurori Moskvaning Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiyasi”ni tanqid qilganidan so‘ng uni davlatga xiyonat va rus harbiylarini obro‘sizlantirishda ayblagan.
Qo‘lga olinishidan bir necha soat oldin G‘arb OAVsiga bergan intervyusida Kara-Murza Rossiyani “qotillar rejimi” boshqarayotganini da’vo qilgan. Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlar va Yevropa bo‘ylab chiqishlarida ham Moskvani Ukrainadagi tinch aholi manzillarini bombardimon qilishda ayblagan.
O‘tgan hafta bo‘lgan sud majlisidagi so‘nggi nutqida esa Kara-Murza yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan o‘zining sud jarayonini 1930 yillardagi Iosif Stalinning ko‘rgazmali sudlariga qiyoslagan hamda suddan uni oqlashni so‘rashdan bosh tortgan va qilgan barcha ishlaridan faxrlanishini bildirgan.
“Jinoyatchilar qilgan ishidan pushaymon bo‘lishlari kerak. Men esa siyosiy qarashlarim uchun qamoqdaman. Yana shuni bilamanki, yurtimiz ustidan zulmat tarqaladigan kun keladi”, deydi muxolifatchi siyosatchi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yilning fevral oyida Ukrainaga o‘n minglab qo‘shin yuborganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya urush davridagi keng qamrovli senzura qonunlarini joriy qildi, bu qonunlar jamiyatdagi norozi ovozlarni o‘chirish uchun ishlatilgan. Armiyani obro‘sizlantirish hozirda besh yilgacha qamoq bilan jazolanishi mumkin, bu haqda ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatish esa 15 yillik qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi