Putinning tanqidchisi hibsga olindi – RBK
Olam
−
21 iyul 2023
9016Ukraina urushi boshlanganidan buyon frontdagi muvaffaqiyatsizliklarda Rossiya rahbariyati va Mudofaa vazirligini ayblab kelgan Igor Strelkov (Girkin) hibsga olingani aytilmoqda. Bu haqda RBK Rossiya huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Igor Strelkovning hibsga olinganini uning advokati Aleksandr Moloxov ham tasdiqlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uni bugun, 21 iyul kuni tushga yaqin uyidan olib ketishgan. Hozirda Tergov qo‘mitasi xodimlari uning yashash joyida tintuv o‘tkazayotgani aytilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Strelkovning hibsga olinishi “Vagner” sobiq xodimining talabiga ko‘ra amalga oshirilgan. Strelkovning xotini Miroslava Reginskaya erining Telegram-kanaliga post joylab, uning hibsga olinganini ma’lum qilgan.
“Bugun soat 11:30 larda Tergov qo‘mitasi vakillari biznikiga kelishibdi. O‘sha paytda men uyda emasdim. Konserj (mehmonxona xodimi)ning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p o‘tmay ular erimni ushlab, noma’lum tomonga olib ketishgan. Erimga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 282-moddasi (ekstremizm) bo‘yicha ayblov qo‘yilganini do‘stlarimdan bilib oldim. Erimning qayerdaligi haqida hech narsa bilmayman, u bilan bog‘lanib bo‘lmadi. Hibsga olinganida uyda emas edim”, deb yozadi u.
Ma’lumot uchun, Igor Strelkov Rossiya armiyasi va Federal Xavfsizlik xizmatining sobiq zobiti sanaladi. U 2014 yilda Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi hamda Donbassdagi urushda tan olinmagan Donetsk Xalq Respublikasi harbiy guruhlarining tashkilotchisi sifatida muhim rol o‘ynagan. Keyinchalik DXR Mudofaa vaziri deb e’lon qilingan. Biroq Malayziya samolyotining urib tushirilishi oqibatida 298 yo‘lovchi halok bo‘lganidan so‘ng vazifasidan ozod qilingan. Igor Girkin Ukraina hukumati tomonidan terrorizmda ayblangan. Ukraina sharqidagi separatistik harakatlari ortidan bir qator davlatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yaponiya, Kanada, Shveysariya va Ukraina unga nisbatan sanksiyalar kiritgan.
Girkin avvaliga Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab keldi. Biroq, keyinchalik armiyani layoqatsizlikda ayblay boshladi. U 2022 yilning oktyabr oyida Ukraina urushida bir muddat ko‘ngilli sifatida ham qatnashdi. Rossiyaga qaytganidan so‘ng esa urushda yanada qat’iyroq choralar ko‘rish tarafdori bo‘lgan “G‘azablangan vatanparvarlar klubi”ni tuzdi.
Ta’kidlash joizki, Igor Strelkov Putinni ham juda qattiq tanqid qilib keldi. Jumladan, joriy yilning iyun oyida uning Putinni urushda hech qachon g‘alaba qozona olmasligini aytgan videosi tarqaldi.
“Armiyamiz bu urushda qanday g‘alabalarga erishmasin, mamlakat rahbariyatining bunday yondashuvi bilan yo‘qotishlarimiz ortaveradi”, degan edi u.
Strelkov, shuningdek, Ukrainada bir necha kun ichida ko‘plab Rossiya tanklari yo‘q qilinganini tanqid qilib, Putin haqida shunday degandi:
“2023 yilning iyun oyida Xerson tashlab ketildi, Izyum tashlab ketildi, Kupyansk tashlab ketildi...U tankni paraddan boshqa hech qayerda ko‘rmagan, uning miyasiga nima bo‘lgan? U haqiqatan ham keksa odamga o‘xshab emas, yosh bola kabi harakat qilmoqda”.