Putinning odami O‘zbekiston va 5 mamlakatni AQSHning tahdididan ogohlantirdi
Olam
−
23 avgust 2022
31544Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo qator davlatlarni o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyodagi AQSH harbiy mashg‘ulotlari amerikaliklarga harbiy amaliyotlar potensial teatrini o‘rganish, nishonlar va xaritalarni aniqlashtirish uchun zarur. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev so‘z ochdi.
Patrushevning 19 avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan SHHT Xavfsizlik kengashi kotiblarining yig‘ilishidagi nutqining ilgari e’lon qilinmagan qismlari bugun, 23 avgust kuni “Argumenti i fakti” gazetasida chop etildi.
Bu o‘rinda gap 10 avgust kuni Tojikistonda AQSH qo‘mondonligida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston va Pokiston harbiy xizmatchilari ishtirokida boshlangan “Mintaqaviy hamkorlik-2022” mashg‘ulotlari haqida bormoqda.
“Hamkorlarimizga shuni eslatib o‘tmoqchimanki, amerikaliklarga bunday tadbirlar, birinchi navbatda, potensial amaliyot teatrini o‘rganish, istiqbolli nishonlar koordinatalarini aniqlashtirish va yuqori aniqlikdagi qurollar uchun raqamli xaritalarni moslashtirish uchun kerak. Umid qilamanki, SHHTga a’zo barcha davlatlar Amerikaning ushbu tashabbuslari bizning xavfsizligimiz uchun juda katta xavf tug‘dirishini endi anglaydi”, degan Patrushev.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi ta’kidlaganidek, Vashington Afg‘onistonning qo‘shni davlatlari bilan u yerda aksilterror operatsiyalari uchun go‘yoki vaqtinchalik infratuzilma yaratish bo‘yicha kelishuvga erishish urinishlaridan voz kechmayapti. Moskva “Mintaqaviy hamkorlik – 2022” mashg‘ulotlariga ham shu nuqtai nazardan qaraydi.
Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Hozirda tashkilotga Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka. So‘nggi paytlarda ko‘plab davlatlar SHHTga a’zo bo‘lish istagini bildirmoqda. Xususan, Samarqanddagi sammitda Eronning qo‘shilish tartibi yakunlanishi va Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot bo‘yicha hamkor maqomi berilishi kutilmoqda. Belarusning SHHTga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilish haqidagi arizasi ham o‘rganilmoqda.