Putinning odami Erdo‘g‘anning yoniga bordi
Olam
−
13 dekabr 2022
8497Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Anqaraga rasmiy tashrifi doirasida bugun, 13 dekabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qabulida bo‘ldi. Bu haqda Davlat dumasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Vyacheslav Volodin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Vyacheslav Volodin Erdo‘g‘anga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomini yetkazdi”, deyiladi xabarda.
Volodin Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar asosan ikki davlat prezidentlarining sa’y-harakatlari tufayli jadal rivojlanayotganini ta’kidlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki davlat parlamentlari davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan qarorlarni qonuniy ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishlari zarur.
“Bu borada parlament o‘lchovi doirasida hamkorlikning yangi formatlarini amalga oshirish to‘g‘ri. Biz hamkasblarimiz bilan kelasi yili oliy darajadagi parlamentlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldik. Bundan tashqari, kelgusi yilda terrorizmga qarshi kurashish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha parlament raislarining konferensiyasini o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildik”, deydi Volodin.
Volodin boshchiligidagi Davlat Dumasi delegatsiyasining Turkiyaga rasmiy tashrifi kecha, 12 dekabr kuni boshlandi. Bugun Davlat Dumasi spikeri Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafo Shentop bilan uchrashdi. Parlament a’zolari Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Vyacheslav Volodin joriy yilning noyabr oyi oxirida O‘zbekistonga kelib, Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgandi.