Putinning maslahatchisi SSSR haliyam mavjud ekanini iddao qildi
Olam
−
22 may 15451 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning maslahatchisi Anton Kobyakov sobiq Sovet Ittifoqi haqida bahsli bayonot bilan chiqish qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, SSSR huquqiy jihatdan hali ham qayerdadir mavjud, chunki uni tarqatish tartibi konstitutsiyaviy jihatdan to‘liq bajarilmagan. Bu haqda u kecha, 21 may kuni Sankt-Peterburgda o‘tgan xalqaro yuridik forumda gapirdi.
“Agar SSSR 1922 yilda Xalq deputatlari s’ezdi tomonidan tuzilgan bo‘lsa, unda uni tarqatish ham aynan shu organ qarorini talab qilgan bo‘lar edi”, deydi u.
Kobyakov 1991 yil 8 dekabrda tuzilgan “Belovejsk kelishuvi” haqida ham gapirgan.
“Bu kelishuvlarni keyinchalik RSFSR, USSR va BSSR Oliy Kengashlari tasdiqlagan, lekin bu umuman ularning vakolatiga kirmagan. Bu huquqiy nuqtai nazardan g‘alati holat”, degan u.
Ushbu fikr huquqshunoslar va ayrim siyosiy guruhlar tomonidan avval ham ilgari surilgan. Ular “Belovejsk kelishuvi”ni “huquqiy kuchga ega emas” deb baholaydi va SSSRning yo‘qolishiga rasmiy nuqta qo‘yilmagan, degan qarashni yoqlab chiqadi.
Kobyakovning aytishicha, huquqiy nuqtai nazardan bu Ukrainadagi mojaro “ichki jarayon” deb atalishiga asos bo‘lishi mumkin.
“Agar SSSR tarqatilmagan bo‘lsa, mantiqan, huquqiy nuqtai nazardan qaralganda Ukraina inqirozi – bu ichki jarayondir”, deydi u.
Ma’lumot uchun, “Belovejsk kelishuvi” – bu atama norasmiy nom bo‘lib, 1991 yil 8 dekabrda Belarus Respublikasi, RSFSR va Ukraina tomonidan imzolangan “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini (MDH) tuzish to‘g‘risidagi kelishuv”ni anglatadi. Bu davlatlar 1922 yilda SSSRni tuzgan davlatlar sifatida SSSRni tashkil etish haqidagi shartnomani imzolagan.
Mazkur Kelishuvda SSSR xalqaro huquq sub’ekti va geosiyosiy haqiqat sifatida mavjud bo‘lishi to‘xtatilgani qayd etilgan va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tashkil etilishi e’lon qilingan.
Kelishuvga o‘sha paytdagi 3 ittifoqdosh respublika – Belarus, RSFSR va Ukrainaning oliy lavozimli rahbarlari va hukumat boshliqlari imzo chekkan: Belarusdan Stanislav Shushkevich va Vyacheslav Kebich, RSFSRdan Boris Yelsin va Gennadiy Burbulis, Ukrainadan Leonid Kravchuk va Vitold Fokin.