Putinning 30 yillik siri – Midweek

Tahlil

Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv yaqin. Buning ortidan esa Zelenskiy va Putinning yuzma-yuz kelish ehtimoli ham yo‘q emas.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida to‘yib ovqatlanish dunyoning boshqa nuqtalariga qaraganda ancha yaxshiroq ko‘rsatkichga egaligi ma’lum bo‘ldi. Ammo mintaqaga qo‘shni bo‘lgan Afg‘onistonda bu boradagi ahvol ayanchli.

Afg‘onistonlik tijoratchilar esa faoliyat nuqtasi sifatida yoppasiga O‘zbekistonni tanlashmoqda. Yarim yil ichida 200 mindan ortiq afg‘onistonlik tijorat maqsadida O‘zbekistonni tanlagan.

Xitoy yangi virus tarqaldi. Bu esa unga yaqin bo‘lgan O‘zbekiston uchun xavflimi?

Putinnng 31 yillik siri oshkor bo‘ldi. U prezident bo‘lmasidan ancha oldin, nafaqat Ukraina sharqi va Qrim, balki Qozog‘iston shimolini ham Rossiya yerlari deb hisoblagan.

Hafta o‘rtasiga qadar jahonda yuz bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning Midweek dasturida tanishing.

Urushning oxiri ko‘rinmoqdami?

Rossiyaning Ukrainaga bosqini hamda AQSH–Rossiya munosabatlari katta burilish yoqasida turibdi. Trampning ultimatumlariga Putin cherkovdan turib noodatiy tarzda javob yo‘llagandi. Ammo Telegram yulduzi Dmitriy Medvedev barchasini barbod qilishiga oz qoldi. Uning Trampga yo‘llagan haqoratomuz javobidan so‘ng, AQSHning ikkita suvosti yadro kemasi bir zumda Rossiya yaqinida paydo bo‘lgani aytildi. Ammo Vaalam cherkovida Putin Trampga “shovqin solmaslik va muammoni yopiq eshiklar ortida tinchgina hal qilish mumkinligi” haqida signal yubordi. Shundan so‘ng Tramp Rossiya Prezidentiga bosqinni to‘xtatish uchun bergan 10 kunlik muhlati tugash arafasida tomonlar bir-biri bilan ochiqchasiga gaplashib olishni lozim topdi. AQSH rahbari tashqi dunyo bilan aloqada davlat kotibi Marko Rubiodan ham og‘irroq vaznga ega bo‘lib borayotgan vakili Stiv Uitkofni bu yil hisobiga qatorasi 5-marotaba Rossiyaga yubordi.

6 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan Kremlada uchrashuv o‘tkazdi. Uitkoffni Moskvaga yuborishidan oldin Tramp agarda u yaxshi natija bilan qaytmasa, sanksiyalar masalasida zudlik bilan qaror qabul qilishini aytgandi. 3 soat davom etgan muzokaralar yakunlangach doimgidek, uning bir uchini Rossiya tashqi siyosatida Lavrovdan kam bo‘lmagan obro‘ga ega Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov chiqardi. Unga ko‘ra, Vladimir Putin Stiven Uitkoff bilan uchrashuv chog‘ida Oq uy rahbariga Ukrainadagi mojaroni hal etish bo‘yicha bir nechta signallar yuborgan. Shuningdek, Ushakov Tramp tomonidan ham mos signallar olinganini qo‘shimcha qiladi. Ammo bu haqda batafsil ma’lumot berishdan tiyildi va AQSH tomonining qadamlari qanday bo‘lishini kutishga ishora qildi.

Oq uyda Uitkoffdan uchrashuv tafsilotlari va undagi natijalar haqida xabar kutayotgan Tramp o‘zi aytgan muddat yetgach sanksiyalar bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak edi. Ammo sanksiyalar masalasi bir chetda qolib ketdi. Chunki xorij OAV Uitkoff Kremlni tark etishidan ko‘p o‘tmay, birin ketin Oq uydagi manbalariga tayanib, Tramp va Putin o‘rtasidagi ehtimoliy uchrashuv yaqin orada o‘tkazilishi haqida xabar bera boshladi. Birinchilardan bo‘lib NYT Oq uydagi manbasiga tayanib ikki rasmiy o‘rtadagi uchrashuv kelasi hafta sodir bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi. “Fox News” esa uchrashuv taklifi Putindan chiqqani, Uitkoff esa buni Trampga yetkazgach, AQSH prezidenti agar bu Ukrainadagi urushni to‘xtata olsa kelasi haftayoq uchrashishga tayyorligini bildirgani haqida xabar berdi. Bu orada esa Zelenskiy ham nihoyat Uitkoffning missiyasidan birinchi bor ko‘ngli to‘lgandek tassurot qoldirdi. U Sumi viloyatidan qaytayotganda Tramp bilan telefon orqali suhbatlashganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Ukraina prezidenti Rossiya endi urushga unchalik ham moyil emas deya takidlagan. Zelenskiyning bu gaplari Tramp bilan telefon suhbatidan keyin, ya’ni Uitkof unga Kremldagi 3 soatlik muzokaralar haqida bazi tafsilotlarni yetkazganidan so‘ng yangaradi. Bu esa o‘z-o‘zidan 3,5 yillik bosqinda keskin burilish yuz berishi mumkinligini anglatadi. Demak tez orada dunyo katta yangiliklarga guvoh bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Hatto Oq uy ham ikki davlat yetakchisining kelgusi haftadagi ehtimoliy uchrashuvini inkor qilmadi.

Endi sanksiyalar masalasiga to‘xtalamiz. Tramp Putin bilan tez orada uchrashishga tayyorligini aytganiga qaramay, u Hindistonga Rossiyadan neftsotib olayotgani uchun qo‘shimcha 25 foizlik boj joriy qildi.

AQSH rahbari oldinroq agar Putin odamlarni o‘ldirishni to‘xtatsa, sanksiyalarga hojat qolmasligini takidlagandi. Bu qarorni esa ikkita vaj bilan izohlash mumkin. Birinchidan Rossiya hali ham bosqinni to‘xtatgani yo‘q. Ikkilamchi sanksiyalarning asosiy sharti ham shu edi. Ikkinchi tomondan esa mazkur 25 foizlik boj 21 kundan keyingina kuchga kiradi. Ungacha esa Tramp sanksiyalar borasida hazillashmayotganini isbotlash va bosimni iloji boricha kuchaytirish uchun ushbu farmonga imzo chekkani aytilmoqda. Qayd etish joiz, yangi qo‘shimcha bojlar tufayli Hindistondan AQSHga olib kiriladigan tovarlarga jami boj stavkasi 50 foizga yetadi. Hindiston esa Rossiyadan sanoat uchun shu kabi xomashyo sotib olayotgan eng yirik xaridorlardan biri hisoblanadi.

Tramp Putin va Zelenskiyning ehtimoliy uchrashuv ssenariysiga to‘xtaladigan bo‘lsak,“Reuters”ga ko‘ra, hozircha AQSH prezidenti va Rossiya yetakchisi o‘rtasidagi uchrashuv joyi aniq emas. Shuningdek, Tramp dastlab Putin bilan uchrashib, keyinchalik Zelenskiy bilan ko‘rishmoqchi. Ushbu muzokaralarda Yevropa yetakchilari bo‘lmasligi aytilmoqda.

Putin ancha oldin “buzilgan”

Rossiya yetakchisi Vladimir Putin 25 yillik hukmronlik davrida ikki davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzdi. Gruziya va Ukrainada nimalar sodir bo‘lganiga to‘xtalib o‘tirish shart emas. U Rossiya Prezidenti bo‘lgan ilk yillarda Ukrainaga tajovuz qilmaslik haqida yolg‘on va’dalar bergan bo‘lsada, 21 asrning eng yirik bosqini bugun Rossiya tomonidan aynan Ukrainaga qarshi amalga oshirilmoqda. Ukrainaga bosqin davom etar ekan, so‘nggi yillarda rus propagandasi Qozog‘istonning Rossiyaga tutash shimoliy qismi ustidan Ostona nazoratini shubha ostiga olib keldi. Bu bazan rasmiy darajada, bazan esa boshqaruv pulti Kremlga tegishliligi taxmin qilinadigan axborot markazlaridagi debatlarda baralla aytildi. Joriy haftada esa “baliq boshidan sasishi” yana bir bor o‘z isbotini topdi. Putinning shaxsan o‘zi azaldan Qozog‘istonning shimoliy qismi Rossiyaga tegishli ekanini davo qilib kelgani haqidagi davlat siri ommaga oshkor bo‘ldi. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 1994 yilda Putin Sankt-Peterburg merining o‘rinbosari bo‘lgan paytdayoq hududiy ambitsiyalari chek-chegarasiz bo‘lganini ko‘rsatadigan hujjatni maxfiylikdan chiqardi.

Putinning 1994 yildagi bayonotiga qaraganda, u nafaqat Qrim va Sharqiy Ukrainani, balki Shimoliy Qozog‘istonni ham Rossiya yerlari deb biladi. Ya’ni bundan 31 yil oldin Vladimir Putin Germaniyaning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuliga Qrim, Ukraina sharqi va Shimoliy Qozog‘istonni Rossiyaning bir qismi, deb bilishiga shama qilgan. Konsulning eslatmasi Germaniya Tashqi ishlar vazirligining 1994 yildagi hujjatlarini o‘z ichiga olgan “GFR tashqi siyosati hujjatlari” ning yangi jildida nashr etilgan. Hujjatga ko‘ra, 1994 yil 14 yanvarda Putin Germaniya bosh konsuliga: “Qrim, Ukrainaning sharqiy qismi va Qozog‘iston shimoli – hech bo‘lmaganda bu hududlar Rossiya uchun hech qachon begona bo‘lmagan, ular doimo Rossiya davlatining bir qismi bo‘lib kelgan va hech bir rossiyalikka bu hozir begona joy ekanini tushuntirib bo‘lmaydi”, deb aytgan.  Bosh konsul o‘z eslatmasida Putin “Ukraina va Qozog‘istondagi ruslarning iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli qoniqarli bo‘lsa, hech qanday muammo yo‘q”, deya davom etganini ham qo‘shimcha qilib o‘tgan.  Ma’lumot uchun, 1991 yildan 1995 yilgacha Germaniyaning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli vazifasini diplomat Eberxard fon Puttkamer bajargan bo‘lib, bundan olti yil avval u vafot etdi. Vladimir Putin 1994 yilning yanvar oyida Sankt-Peterburg merining o‘rinbosari va shahar tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari bo‘lgan. Putinning o‘sha paytdagi boshlig‘i, keyinchalik Putin uni ustozi va do‘sti deb ataydigan Anatoliy Sobchakka ko‘ra, 1992 yilda SSSR parchalanganidan so‘ng unga asos solgan respublikalar Sovet Ittifoqidan oldingi chegaralariga qaytishi kerak edi, “qolgan hududiy yutuqlar esa muhokama mavzusi” bo‘lgan.

Sobchak Qrim Ukrainaniki bo‘lib qolayotganini “bema’nilik” deb atagan va Ukrainaga o‘z armiyasini yaratishga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini, aks holda u “albatta bundan foydalanishini” ta’kidlagan. Putin ustozi Sobchakning 2021 yilgi “Ruslar va ukrainlarning tarixiy birligi to‘g‘risida” deb nomlangan siyosiy hujjatidagi pozitsiyasini keltirib o‘tgan. Shuningdek, u: “Qrim hamisha bizniki bo‘lgan va Vladimir Lenin timsolida zamonaviy Ukrainani Rossiya, to‘g‘rirog‘i, bolsheviklar, kommunistik Rossiya yaratgan” deb ta’kidlagan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, bugungi Vladimir Putinning imperialistik tafakkuri ko‘p ehtimolbilan o‘sha ustozi va rahbari Sankt-Peterburgning sobiq meri Anatoliy Sobchak ta’sirida shakllangan. Mazkur ta’sir ostida Putin hatto Qozog‘iston ham oldin mavjud bo‘lmaganini, uni mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev yaratganini bildirgan. Rossiya prezidenti 2014 yilda Nazarboyevni hech qachon davlat bo‘lmagan hududda davlat qurdi deya, uni noyob ish qilganligini ta’kidlab o‘tgan. Shaxsiy fikr va pozitsiyadan allaqachon mahrum bo‘lgan duma deputatlari ichida ham shunday fikrni takrorlaganlar yetarlicha. Masalan, o‘z vaqtida davlat dumasi deputati Vyacheslav Nikonov “Qozog‘iston hududi Rossiya va Sovet Ittifoqining ajoyib sovg‘asi” degandi. To‘qayev esa unga javoban qozoqlarga bu yerlarni chetdan boshqa birov sovg‘a qilmaganini aytgan.

Markaziy Osiyo to‘q, ammo Afg‘oniston…

Dunyoda taraqqiyot degan tushuncha haddan ziyod turli taqsimotlarga ega. Masalan Markaziy Osiyoda to‘yib ovqatlanish darajasi so‘nggi paytlarda ancha yaxshilangan bo‘lsa, unga tutash Afg‘onistonda bu boradagi ahvol juda chinarli. Albatta, bu siyosiy tuzum, o‘tmishdagi keskin burilishlar va dunyo hamjamiyatining, kuchli siyosiy o‘yinchilarning ta’siri hamda bosimi hosilasi. Bugungi asosiy mavzu bu emas, balki Markaziy Osiyo so‘nggi 20 yil ichida qanday qilib oziq-ovqat bilan bog‘liq muammoni yengib o‘tgani haqidadir. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisobotiga ko‘ra, oxirgi 20 yil ichida Markaziy Osiyoda to‘yib ovqatlanmaslik darajasi 5 barobardan ko‘proqqa, ya’ni 2005 yildagi 13,1 foizdan 2024 yilda 2,8 foizgacha pasaygan. Qayd etilishicha, ochlikni kamaytirishdagi eng yuqori sur’atlar 2019 yilgacha kuzatilgan, biroq bu progress COVID-19 pandemiyasi sababli to‘xtagan. Natijada esa 2020-2021 yillarda ochlikdan aziyat chekayotganlar soni 2,5 million kishiga yetgan.

Shunga qaramay, oziq-ovqat xavfsizligi siyosati va iqtisodiy tiklanish tufayli mintaqa yana ijobiy dinamikaga erisha boshlagan va dunyoda kuzatilgan o‘rtacha ijobiy natijadan 3 karra yaxshiroq ko‘rsatkichni qayd etgan. Chunki jahon miqyosida to‘yib ovqatlanmaslik darajasi 2005 yilda 12 foizdan 2023 yilga kelib 8,2 foizgacha tushgan. Ammo yuqorida qayd etilganidek bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo bo‘yicha 2024 yilda bor yo‘g‘i 2,8 foizdir. Shuningdek, Markaziy Osiyoda sog‘lom ovqatlanish uchun kunlik o‘rtacha xarajat 2024 yilda bir kishi uchun 3,78 dollarni tashkil qilgan. So‘nggi olti yildagi tahlil bu qiymatning asta-sekin oshganini ko‘rsatadi. Xususan, 2019 yilda 3,10 dollar bo‘lgan bu xarajat 2023 yilda 3,81 dollarga chiqqan. Ammo 2024 yilda ilk bor pasayish qayd etilib, 3,78 dollarga tushgan.  Ammo ushbu ijobiy ko‘rsatkichlar bilan parallel tarzda sog‘lom ovqatlanish hanuzgacha mintaqadagi 11,5 million aholi uchun imkonsizligicha qolmoqda. Shunga qaramay, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisobotida bu ko‘rsatkich ham so‘nggi yillarda ancha ijobiylashgani qayd qilingan. Yani mazkur miqdor bundan 5 yil oldin, 2020 yilda 14,5 millionni tashkil qilgan va bu o‘z-o‘zidan ushbu o‘zgarish 4 yil ichida 3 millionga qisqarganini anglatadi. Bundan tashqari, oxirgi 12 yil ichida mintaqada bolalar orasidagi doimiy to‘yib ovqatlanmaslik shakllari ham sezilarli darajada kamaygan. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida o‘sishdan qolish holatlari 2012 yildagi 14,8 foizdan 2024 yilda 7,4 foizgacha kamaygan. Bu esa bolalar bilan bog‘liq oziq-ovqat masalasi naqd ikki karra yaxshilanganini anglatadi. Tananing ozib ketishi yoki o‘tkir ovqat yetishmovchiligi esa salkam 1.5 barobarga, 3,8 foizdan 2,1 foizgacha tushgan.

Endi Markaziy Osiyoning bir emas uch davlati bilan chegardosh bo‘lgan Afg‘onistondagi holatga to‘xtalsak. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi bu mamlakatda bolalarning to‘yib ovqatlanmasligi hozirgacha qayd etilgan eng yuqori salbiy nuqtaga yetganini ma’lum qildi. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat aholisining to‘rtdan bir qismi, ya’ni 10 millionga yaqin kishi oziq-ovqat ta’minotisiz qolmoqda. Har uchinchi afg‘on bolasi surunkali to‘yib ovqatlanmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining qayd etishicha, vaziyatning yomonlashuvi so‘nggi ikki yilda insonparvarlik yordami hajmining qisqarishi bilan bog‘liq. Buning sababi esa moliyaviy yordamning sezilarli darajada pasayishi edi. Ustiga-ustak joriy yilning aprel oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lgan Afg‘onistonga oziq-ovqat yetkazib berishni butunlay to‘xtatdi.

Oziq-ovqat xavfsizligining yomonlashuviga sabab bo‘lgan yana bir qo‘shimcha omil esa qo‘shni davlatlardan afg‘onlarning ommaviy ravishda qaytishidir. Chunki u yerlarda noqonuniy muhojirlar deb topilgan xorijliklarning deportatsiyasi kuchaygan. Masalan, Jahon oziq-ovqat dasturi so‘nggi ikki oy ichida Erondan qaytgan 60 ming afg‘onistonlikka yordam bergan. Tashkilot so‘zamoli Ziyovuddin Safiyga ko‘ra, Erondan qaytgan barcha muhtoj afg‘onlarga yordam berish uchun 15 million dollar kerak. Umuman olganda, dastur 2026 yilning yanvarigacha butun mamlakat bo‘ylab eng nochor oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 539 million dollarga muhtoj. Bundan tashqari, iqlim inqirozi Afg‘onistondagi oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyatni keskinlashtirmoqda. Atrof-muhitni muhofaza qilish milliy agentligi rahbari Matiulloh Xolisning so‘zlariga ko‘ra, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, unumdor yerlarning qisqarishi va suv toshqinlari ham aholi hayotiga, ham mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Afg‘on tujjorlari O‘zbekistonga yopirilmoqda

Afg‘oniston mavzusidan uzoqlashmaymiz. “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelib, mamlakatdagi qoradori savdosi va uning tarqalashiga qarshi keskin choralar qo‘llangani hamda bu tashabbus hali ham davom etayotgani haqida juda ko‘p gapiriladi. Bu haqda qandaydir statistikalarda qora ajal yetishtirish sur’ati pasaygani to‘g‘risida jimjimador raqamlar ham qayd etiladi. Ammo Afg‘onistonning qo‘shni davlatlarga zarar berayotgan narkotik vostilari masalasi hanuzgacha mamlakat miqyosida nazoratni to‘liq qo‘lga olmagan degan xulosaga yetaklamoqda. Jumladan, Tojikiston Narkotik moddalarni nazorat qilish agentligi 2025 yilning birinchi yarmida Afg‘oniston bilan chegarada Tojikiston xavfsizlik kuchlari va afg‘on narkodilerlari o‘rtasida o‘nta qurolli to‘qnashuv qayd etilgani haqida xabar berdi.

Agentlikka ko‘ra, otishmalar oqibatida 4 jinoyatchi zararsizlantirilgan. Ularning barchasi Afg‘oniston fuqarolari bo‘lgan. Voqealarning aksariyati Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati bilan chegaradosh Afg‘oniston Badaxshon viloyatining chegara hududlarida sodir bo‘lgan. Qoidabuzarlar og‘ir qurollar va zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanishgan. “Avesta” nashrining yozishicha, ushbu davrdagi to‘qnashuvlar soni 2024 yildagi xuddi shunday ko‘rsatkichdan oshib ketgan. Chunki o‘tgan yili shu davrgacha mazkur ko‘rinishdagi qurolli ziddiyatlar olti marotaba yuz bergan. Tojikiston Narkotik moddalarni nazorat qilish agentligi joriy yilning birinchi yarmida Afg‘oniston bilan chegarada 1 tonna 692 kilogramm narkotik modda musodara qilingani ma’lum qildi. Bu esa butun mamlakat bo‘ylab olib qo‘yilgan musodaralarning yarmidan ko‘pini, aniqrog‘i 54,4 foizini tashkil etadi.

Tojikiston Narkotik moddalarni nazorat qilish agentligi shunday ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashgan bir paytda O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga tijorat maqsadida kelganlar ichida Afg‘oniston fuqarolari yetakchilik qilayotganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-iyun oylarida jami 223,6 ming nafar chet el fuqarolari tijorat maqsadida O‘zbekistonda bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 158,6 ming nafarga yoki salkam 3 yarim barobarga oshgan. Afg‘oniston fuqarolari esa o‘sha 223,6 ming xorijlikning deyarli 93 foizini tashkil qiladi.

Aniqroq qilib aytganda Afg‘onistondan 207 536, Tojikistondan 12 244, Turkmanistondan 1 642, Rossiya 451 Turkiya 276, Qozog‘iston 255 va boshqa davlatlardan jami 1 177 nafar fuqaro O‘zbekistonga tijorat maqsadida kelgan.

Xitoydagi bezgak O‘zbekistonda ham tarqaladimi?

COVID 19 dan keyin dunyoning istalgan burchagida, ayniqsa, Xitoy biron bir virus tarqaladigan bo‘lsa, bu qisqa vaqt ichida keng miqyosdagi xavotirlarni keltirib chiqarishi odatiy holga aylandi. Masalan, so‘nggi kunlarda Xitoyning Guandun provinsiyasida deyarli 4 mingta yangi chikungunya bezgagi holati qayd etildi. Mamlakat hukumati og‘ir yoki o‘lim holatlari hozircha aniqlamaganini ma’lum qildi. Chikungunya – bu chikungunya virusi sababli kelib chiqadigan kasallik bo‘lib, u odamga chivin chaqishi orqali yuqadi. Virus yuqqanidan keyin 3-7 kun o‘tib alomatlar paydo bo‘ladi. Uning keng tarqalgan belgilari – isitma, bo‘g‘imdagi shish va og‘riqlar,  bosh, mushak og‘rig‘i, shuningdek, toshmalar ham kuzatilishi mumkin.

Kasallikning og‘irroq rivojlanishi xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar – yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, 65 yoshdan oshganlar va yurak, qon bosimi yoki qand kasalligi bor odamlar ekani aytilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa o‘z rasmiy saytida chikungunya virusi Afrika, Osiyo va Amerika mamlakatlarida chivinlar orqali insonlarga yuqishini ma’lum qildi. Ammo chikungunyaga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki maxsus davolash usuli hozircha mavjud emasligi ham eslatilgan. Xitoyda esa yuqumli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha mutaxassislar kasallik tarqalishining sabablaridan biri sifatida yomg‘ir mavsumini ko‘rsatishmoqda. Bu davrda kasallik tashuvchi chivinlar soni ko‘payadi. Xitoy nashrlarining yozishicha, mamlakat olimlari ayni paytda virus tashuvchi chivinlarni yeb qo‘yadigan yirik turdagi chivin lichinkalarini tarqatishni boshlagan.

Ma’lumki, Xitoy O‘zbekistondan unchalik uzoq emas. Quruqlik orqali chegaraga ega bo‘lmasada, ikki mamlakat orasidagi eng qisqa masofa 340-350 km tashkil qiladi. Bunday holatda esa chin o‘lkasida qayd etilgan chikungunya virusi O‘zbekistonda ham xavotirlarni keltirib chiqarishi tabiiy edi. Biroq O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mazkur holat bo‘yicha ma’lumot berdi. Bildirilishicha, Xitoyda tarqalgan bezgak O‘zbekistonga xavf solmaydi. Chunki ushbu kasallikni tarqatuvchi “Aedes albopictus” nomli chivinlar O‘zbekiston tabiatida uchramaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Vladimir Putin Donal'd Tramp Xitoy Hindiston Ukraina Dmitriy Medvedev Markaziy Osiyo Oq uy Kreml AQSh–Rossiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing