“Oreshnik” hali jangovar qo‘llanilmadi – Putin
Olam
−
05 iyun 6540 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Oreshnik” hali jangovar qo‘llanilmaganini aytdi va Ukrainadagi mahallalarga aynan shu qurol orqali zarba berish bilan tahdid qildi. Bu haqda u kecha, 5 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida xalqaro axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Vladimir Putin “Oreshnik”ning qo‘llanilishi haqidagi savolga javob berar ekan, u shu paytgacha jangovar maqsadlarda ishlatilmaganini aytgan.
“Biz natijalarni ko‘rish qulay bo‘lgan joyga zarba berdik. Bu Belaya Serkov va DXR (Donetsk Xalq Respublikasi) hududiga ham tegishli. U yerga keyin bizning dronlarimiz uchib borib, millimetrigacha ko‘zdan kechirdi. Bu kelajakda “Oreshnik”ning nishonlarga, jumladan, shahar mahallalari hududida qo‘llanilishini kuzatish uchun bizga juda muhim”, deydi Putin.
Shu bilan bir paytda u butun Donbassni egallab olish rejasini yana bir bor bayon qilib, bu holat ehtimoliy tinchlik bitimi tuzilishiga zid emasligini qayd etgan.
“Birinchidan, biri ikkinchisini istisno qilmaydi. Butun Donbass mintaqasini nazorat qilish va bitim tuzish – bular bir-biriga zidmi? Nima uchun bu ziddiyatli deb hisoblayapsiz?” deydi u jurnalistlarga.
Ukrainadagi sof hududiy yo‘qotishlar fonida Putin yana bir bor Rossiya armiyasining“har kungi hujumi” haqida gapirib, uning iddaosiga ko‘ra, armiya “faqat oxirgi vaqtning o‘zida” Ukraina hududining 2440 ming kvadrat kilometrini egallab olgan.
“Hozirgi vaqtda Rossiya armiyasi Lugansk Xalq Respublikasini to‘liq – 100 foiz nazoratga oldi va Donetsk Xalq Respublikasi hududining 85 foizdan ortig‘ini o‘z nazorati ostiga qo‘ydi”, deydi Putin va “yaqin-yaqingacha Ukraina Donetsk viloyatining taxminan 25 foizini nazorat qilib turganini” qo‘shimcha qilgan.
Shuningdek, u Moskva Ankorijda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Amerika muzokaralari davomida erishilgan murosalar asosida Kiyev bilan kelishib olishni istayotganini ma’lum qilgan.
“Ushbu murosalarga Ukraina tomoni ham rozi bo‘lishi kerak. Shunda mojaro tez orada o‘zining tabiiy yakuniga yetadi”, deydi Putin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar jarayonini boshlash va davlat rahbarlarining shaxsiy uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilgandi. Maktubda Zelenskiy butun front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish va davlat rahbarlarining neytral hududda uchrashuvini tashkil etishni ilgari surgan.
Live
Barchasi