Ko‘p muhokamalar, bahslar bo‘ldi – Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi AES haqida (video)
Jamiyat
−
11:58 4890 4 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga start bergani haqida xabar qilingan edi. O‘zbekiston yetakchisi mazkur jarayonga qadar uzoq muhokamalar, bahslar bo‘lganini aytdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev kecha, 4 iyun kuni Vladimir Putin bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.
Dastlab Putin O‘zbekiston yetakchisiga vaqt topib, Peterburgga kelgani uchun minnatdorlik bildirgan va O‘zbekistonda quriladigan birinchi atom elektr stansiyasi haqida to‘xtalgan.
“Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etish uchun vaqt topib, Peterburgga kelganingiz uchun katta rahmat. Siz bizning bosh mehmonimizsiz va ertaga bizda ommaviy ravishda ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar va muammolar haqida gaplashish, shuningdek, mintaqadagi va dunyodagi vaziyat bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish imkoniyati bo‘ladi. Iqtisodiyotda yuz berayotgan voqealar haqida sizning fikringizni eshitish biz uchun juda qiziqarli.
Lekin bugun bizda yana bir juda yoqimli voqea – bu bo‘lajak yirik, quvvatli ob’ektning – O‘zbekistonda Rossiya dizayni asosida quriladigan birinchi atom elektr stansiyasi poydevorining qo‘yilishidir. Buning ustida siz shaxsan o‘zingiz juda ko‘p ishlaganingizni bilaman”, deydi Rossiya rahbari.
Shuningdek, u O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik masalalariga ham to‘xtalgan.
“Umuman olganda, mamlakatlarimiz iqtisodiyoti muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston iqtisodiyotida yuz berayotgan o‘zgarishlardan xursandmiz. Tovar aylanishi o‘syapti, o‘tgan yili u 12 foizdan ko‘proqqa oshdi – bu juda yaxshi ko‘rsatkich.
Biz siz bilan doimiy aloqadamiz va gaplashadigan mavzular doim topiladi, chunki munosabatlarimiz hajmi tinimsiz kengaymoqda. Bu o‘zaro investitsiyalar hajmiga ham tegishli: Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyalari ham yaxshi dinamikaga ega, yaxshi sur’at oldi. Eng muhimi, ikkala jarayon ham har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilmoqda”, deydi Putin.
O‘z o‘rnida O‘zbekiston Prezidenti Peterburgda o‘tayotgan forum va muzokaralar haqida so‘z ochgan.
“Haqiqatan ham, biz katta jamoa bilan mamnuniyat bilan keldik, forumning barcha sho‘’balarida faol ishtirok etyapmiz, forum juda jiddiy. Biz bunday darajada birinchi marta qatnashishimiz va albatta, barcha muzokaralar, uchrashuvlarni boshlab yubordik.
O‘ylaymanki, ertangi yalpi yig‘ilish ham ko‘p narsalar, jumladan, ikki mamlakat iqtisodiyoti haqida gaplashib olishga imkon beradi. Men ham tayyorgarlik ko‘ryapman, bu haqda siz bilan bir necha bor gaplashgan edik. Bu o‘zaro manfaatli hamkorlik va kelishuvlarimiz natijadorligi uchun juda foydali bo‘ladi, deb hisoblayman”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda qurilishi boshlangan AES haqida to‘xtalib, mazkur jarayonga qadar uzoq muhokamalar, bahslar bo‘lganini aytgan.
“Tarixda ilk bor “Rosatom” bilan gibrid stansiya: ikkita kichik model, ikkita katta model barpo etilmoqda. Siz aytganingizdek, biz bunga uzoq vaqt davomida intildik, uzoq gaplashdik, bahslashdik. Lekin, nihoyat, eng to‘g‘ri qarorga keldik — bu biz uchun juda zarur, chunki iqtisodiyot o‘syapti, energetika ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Men sizga bir necha bor aytganman, uran ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda beshinchi, zaxiralari bo‘yicha esa o‘ninchi o‘rindamiz. Bu biz uchun 60 yillik kelajak demakdir. Yangi gibrid stansiyamiz uchun 19,5 tonna uran kerak bo‘ladi. Biz “Rosatom”dagi hamkasblar bilan bu masala ustida juda jiddiy muzokara olib boryapmiz. O‘ylaymanki, bu natija ikki tomon uchun ham juda manfaatli bo‘ladi. Bu – Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi energetika sohasidagi strategik loyihadir. Bizda bu yo‘nalishdagi loyihalarni faqat shu bilan cheklab qo‘ymaslik niyati bor”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti ham iqtisodiy hamkorlik masalalari haqida so‘z ochgan.
“Siz ta’kidlaganingizdek, albatta, tovar aylanmasi yaxshi ketmoqda. Bosh vazirlar Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazishdi, Hududlar forumini o‘tkazdik, an’anaviy oltinchi “INNOPROM” bo‘lib o‘tdi. Siz bilan kelishib olgan barcha masalalarimiz muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Haqiqatan ham, siz hozir qayd etganingizdek, tovar aylanmasi siz bilan kelishib olgan maqsadimizga – yillik 20 milliard dollarlik marraga yaqinlashmoqda, bugungi kunda 2025 yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 13 milliard dollarni tashkil etdi. Lekin, o‘ylaymanki, 2026 yil yakunlari bo‘yicha yana o‘sishga erishamiz, chunki yirik loyihalarimiz ham bor. Shunday ekan, ushbu uchrashuvimiz ham bunga yangi sur’at bag‘ishlaydi, deb hisoblayman.
Jamoamizning rejalari juda katta. Madaniy dasturlarimiz ham boshlandi: Mariinskiy teatrida, Ermitajda ko‘rgazmalarimiz ochildi. Biz barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan yaxlit majmua bilan keldik”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 5 iyun kuni O‘zbekiston rahbari 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining asosiy tadbirlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Live
Barchasi