Putinda uni yanada xavfli qiladigan muammo bor — Bayden
Olam
−
28 iyul 2021
17577Rossiya iqtisodiyotidagi muammolar mamlakat Prezidenti Vladimir Putinni yanada xavfli qiladi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden ta’kidladi.
“Men janob Putin bilan uchrashdim. Uning haqiqiy muammosi bor. U yadro quroli va neft quduqlariga ega bo‘lgan iqtisodiyotni boshqaradi va boshqa hech narsaga ega emas. Boshqa hech narsaga. Ushbu iqtisodiyot dunyodagi eng kichik sakkizinchimi yoki eng katta? U o‘zining haqiqiy muammosi borligini biladi, bu mening fikrimcha uni yanada xavfli qiladi”, degan Bayden.
AQSH Prezidenti, shuningdek, Rossiya hukumati Amerikadagi 2022 yilga mo‘ljallangan oraliq saylovlarga ta’sir o‘tkazish uchun dezinformatsiya tarqatayotganini aytdi.
“Qarang, Rossiya 2022 yilgi saylovlar va dezinformatsiyalar masalasida allaqachon nimalardir qilmoqda. Bu suverenitetimizning yaqqol buzilishi”, degan Bayden.
Amerika rahbari o‘z nutqida kiberhujumlar haqida ham gapirib, ular dunyoda vayronagarchiliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytgan.
“Agarda biz qachondir yirik davlatlar bilan haqiqiy qurolli to‘qnashuvlarga kirishsak, bu kiberhujumlarning oqibati bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan Bayden.
Avvalroq, Bayden AQSHga Rossiya tomonidan kiberhujumlar bo‘lsa yoki Rossiya Amerikaning iqtisodiyotiga aralashsa, javob choralari ko‘rishini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 16 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Rossiya-AQSH sammiti bo‘lib o‘tdi. La Granj qasrida bo‘lib o‘tgan Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi yuzma-yuz uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning ko‘plab qirralari muhokama qilindi.
LiveBarchasi