Putin Zelenskiy bilan uchrashmaydigan ko‘rinadi – Weekend
Tahlil
−
24 avgust 9416 12 daqiqa
Turkiyaning birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an AQSH birinchi xonimi Melaniya Trampga Putinga yo‘llagan maktubini G‘azoda genotsid uyushtirayotgan Netanyaxuga ham yuborishni so‘radi.
Ukrainada demografik inqiroz o‘zining eng daxshatli nuqtasiga yetdi. Mamlakat aholisi Rossiya bosqini arafasida 10 millionga kamaygani qayd etildi.
Kutilganidek, Ukraina muzokaralarni boshlashga rozi bo‘lib turganda, Rossiya buni ortga surmoqda. Tramp esa Putin ixtiyorida uzog‘i bilan ikki hafta borligini eslatdi.
AQSH trak hayodovchilariga viza berishni to‘xtatdi. Donald Tramp davrida endi shu maqsadda AQSH vizasini olish imkonsiz.
Assalomu alaykum! Tugab borayotgan hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturi.
Emina Melaniyaga G‘azoda ham bolalar borligini eslatdi
Alyaskada Donald Trampning ayoli Melaniyaning xatini Putinga yetkazganidan so‘ng birinchi xonimlar orasida bir-biriga xat yo‘llash urfga kirdi. Xatlar, asosan, AQSH birinchi xonimi Melaniya Tramp manziliga bo‘lmoqda. Ammo ularning mazmuni turlicha. Masalan, Olena Zelenskaya Oq uyga juda katta yuk bilan borgan eriga Donald Tramp orqali ayoli Melaniyaga yetkazib qo‘yilishi so‘ralgan xatda sloveniyalik sobiq fotomodelga tashakkurlar aytilgan. Ya’ni Ukraina bolalarining taqdiri va urushni to‘xtatish haqida Putinga yozgan xati uchun Zelenskaya Melaniyaga minnatdorlik bildirgan. Shundan so‘ng, AQSH birinchi xonimiga yana bir xat yuborildi. Dunyodagi qudratli birinchi xonimlar safida turuvchi Emina Erdo‘g‘anning Melaniyaga yozgan xatida uning bolalar taqdiri uchun qayg‘urganiga rahmat aytish bilan birga, achchiq haqiqat ham qistirib o‘tildi.
Emina xonim Trampning rafiqasi Melaniya Trampga yo‘llagan xatida undan G‘azodagi gumanitar inqirozga ham xuddi Ukrainaga bo‘lgani kabi e’tibor qaratishni so‘radi. O‘z maktubida Emina Erdo‘g‘an Melaniya Trampga hurmatini bildirib, olti yil avval Vashingtondagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan samimiy suhbat va iliq kutib olishni hanuz eslab qolganini ta’kidlagan. Shundan so‘ng Emina Erdo‘g‘an asosiy maqsadga o‘tib, Melaniya Trampdan Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan 648 bola uchun ko‘rsatgan e’tiborini G‘azodagi vaziyatga ham qaratishini so‘rab, so‘nggi ikki yil ichida bu yerda 62 ming begunoh tinch aholi, jumladan, 18 ming bola shafqatsizlarcha o‘ldirilganini eslatgan. U G‘azoni “misli ko‘rilmagan shafqatsizlik va zamonaviy tarixning eng og‘riqli genotsid sahnasi” deb atagan.
“Siz maktubingizda bolalarning mehr-muhabbat va xavfsizlikda ulg‘ayish huquqi umumiy va rad etib bo‘lmaydigan qadriyat ekanini ta’kidlagansiz. Bu huquq na geografiya, na irq, na etnik kelib chiqish, na diniy guruh, na ideologiyaga bog‘liq emas. Bu huquqdan mahrum qilingan mazlumlarni qo‘llab-quvvatlash esa, avvalo, insoniyat oldidagi ulkan mas’uliyatdir. Sizning Ukraina urushi oqibatida vayron bo‘lgan hayotlar, ajralgan oilalar va yetim qolgan bolalarga ko‘rsatgan e’tiboringiz qalblarga umid baxsh etdi. Har 45 daqiqada bir bola halok bo‘layotgan G‘azoda BMT Bolalar jamg‘armasi yer ustidagi makonni "do‘zax", yer ostidagisini esa “bolalar qabristoni” deb ta’riflamoqda. Urushlarda noma’lum askar atamasi ishlatilgani kabi, bir kun kelib bu ibora bolalarga nisbatan ishlatilishini tasavvur qilarmidingiz?” deya yozgan Emina Erdo‘g‘an.
Emina Erdo‘g‘an maktubida urush ruhiyati butunlay ezgan va kulishni unutib qo‘ygan bolalar o‘limni xohlashlarini aytayotgani, ularning qalblarida esa chidab bo‘lmas urush og‘irligi aks etayotganini ta’kidlagan. U G‘azo tarixida yetim bolalarning bevosita boshidan kechirgan qo‘rquv va iztiroblari o‘chmas iz qoldirganini aytib o‘tgan.
U nafaqat ukrainalik, balki falastinlik bolalar ham xuddi shunday quvonch, erkinlik va munosib kelajak huquqiga ega ekanini qayd etgan. Shu bois, soda qilib aytganda, Turkiya birinchi xonimi AQSH birinchi xonimiga Putinga yozgan xatidan yana bir nusxasini Tel-Avivga, Isroil Bosh vaziriga ham jo‘natishni tavsiya qilgan.
“Agar siz Isroil Bosh vaziriga G‘azodagi gumanitar inqirozni tugatishga chaqiruvchi maktub yo‘llasangiz, bu nihoyatda muhim qadam bo‘ladi. Bugun dunyo uyg‘onish davrini boshdan kechirmoqda, Falastinni tan olish umumiy iroda sifatida shakllanmoqda. Men ishonamanki, sizning G‘azo himoyasidagi murojaatingiz ham falastinlik xalq oldidagi tarixiy mas’uliyatning ifodasi bo‘ladi”, degan Turkiyaning birinchi xonimi.
Shuningdek, Emina Erdo‘g‘an Melaniyani dunyodagi ikki standardlikka qarshi birgalikda kurashishga chaqirgan. Turkiya birinchi xonimi xalqaro huquq me’yorlari hamda umuminsoniy qadriyatlarni himoya qilishda birdamlik zarurligini ta’kidlagan. U G‘azo sektorida 18 mingdan ortiq bola halok bo‘lgani, ba’zilariga hatto yuzlab martta o‘q uzilgani, endi ularni ortga qaytarib bo‘lmasligini tan olgan, ammo hali ham vaqt borligi, hali ham juda ko‘plab bolalarning hayotini saqlab qolish mumkinligini eslatgan.
“Ona, ayol va inson sifatida men sizning maktubingizdagi his-tuyg‘ularingizni chuqur anglayman va sizning G‘azoda tinchlik va osoyishtalikni orzu qilayotgan bolalarga ham xuddi shunday umid bag‘ishlashingizni istayman. Balki 18 ming 885 bolani, jumladan, 335 marta o‘qqa tutilgan olti yoshli Hind Rajabni endi qaytarib bo‘lmas. Ammo bizda hali ko‘proq bolalarni asrab qolish imkoniyati bor”, deya o‘z maktubini yakunlagan Emina Erdo‘g‘an.
Ukrainaliklar yo‘q bo‘lib bormoqda
Ukraina chinakam demografik qishga uchradi. Mamlakat aholisi sonida keskin tushish davom etayotgani yana bir bor raqamlarda aks etdi. 2022 yilda Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan 2024 yilning o‘rtalariga qadar Ukraina aholisi Kiyev nazorati ostidagi hududda 40 milliondan ortiq kishidan 31,1 milliongacha qisqargani qayt etildi. Bu esa 2,5 yil ichida Ukraina aholisi 10 millionga kamaygan. “Frontliner” xabariga ko‘ra, 1990 yillarda Ukraina mustaqilligini e’lon qilganidan keyin uning aholisi 50 million kishidan oshgan. Ammo 30 yil ichida 10 millionga kamaygan. Rossiya bosqini oqibatida ommaviy migratsiya, o‘lim, tug‘ilishning rekord darajadagi pasayishi va aholining qarib borayotgani demografik qish ya’ni mamlakat aholisining o‘sishdan to‘xtatishini kuchaytirib yubordi. Buning oqibatida esa ilgari 30 yil ichida 10 millionlik pasayishga uchragan Ukraina demografiyasi, so‘nggi 2,5 yil ichida yana shuncha miqdorda pastga qulaganini ko‘rsatadi.
Jurnalistlarning fikricha, aholining kamayishiga asosiy sabab ukrainaliklarning xorijga ommaviy chiqib ketishi bo‘lgan. Hozirda 5 milliondan ortiq fuqarolar mamlakat tashqarisida, asosan, Yevropa mamlakatlarida, jumladan, Polsha, Germaniya, Chexiya, Italiya va Ispaniyada istiqomat qiladi. Urushning har yili o‘tgan sayin muhojirlar vataniga qaytish istagida bo‘lganlar, ayniqsa, chaqiruv yoshidagi erkaklar kamayib bormoqda. Millionlab ukrainaliklar boshqa mamlakatlarda o‘z hayotlarini qurishni afzal ko‘rmoqda. Rossiya bosqini fonida eng ko‘p aholi kamayishi mamlakatning frontga yaqin hududlari ya’ni Donetsk, Lugansk, Xerson, Zaporoje va Xarkov viloyatlarida kuzatildi. Jang chizig‘i yaqinidagi aholi punktlarida asosan keksa odamlar qolayotgani aytiladi.
Prezident Zelenskiy esa anchadan buyon aynan shu maqsadda, ya’ni Ukraina demografiyasi yanada yomon holatga tushib qolmasligi uchun mobilizatsiyaga chaqiruv yoshini pasaytirishdan bosh tortib keladi. U bu borada o‘zining eski Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujiyga ham Yevropadagi hamkorlariga ham qarshi chiqqani ko‘pchilikka ma’lum. U 2024 yildagina 27 yosh deb belgilangan chegarani zo‘r-bazo‘r 25 ga tushirdi. Bundan tashqari 2024 yilda hukumat 2040 yilgacha demografik rivojlanish strategiyasini tasdiqlagandi. Biroq kuzatuvchilarning qayd etishicha, hozirda tug‘ilganlik uchun to‘lovlar inflyatsiya tufayli tezda qadrsizlanyapti, infratuzilma loyihalari esa sekin amalga oshirilmoqda.
Eng yomoni shundaki, taxminlarga ko‘ra, 2041 yilga borib Ukraina aholisi yana 10 millionga kamayib, 30 milliongacha tushishi mumkin. O‘sish esa faqat janglar tugagach, qochqinlar qaytib kela boshlaganda, ko‘proq bolalar tug‘ilganda va Ukrainada munosib yashash sharoitlari yaratilganida kuzatilishi mumkin. “Gallup” kabi tahliliy markazlar bo‘lsa, ukrainaliklar orasida so‘rovnoma o‘tkazib, ularning aksariyati Rossiya bilan urushni muzokaralar orqali yakunlash tarafdori ekanini qayd qilmoqda. E’tibor berib qarasak, Zelenskiy ham shu kabi barcha muammolarni hisobga olib Putin bilan hech qanday dastlabki shartlarsiz uchrashishga rozi bo‘lgandi. U hatto bu uchun otashkesimni ham talab qilmadi. Ukraina Prezidenti Rossiya bosqini davom etayotgan, Ukraina shaharlari bombalanayotgan bir paytda ham Rossiya yetkachisi bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi. Ammo asossiz va ultimatum ko‘rinishidagi shartlar kim tomonidan qo‘yilayotgani aniq ravshan. Aynan shu sababdan ham Zelenskiy va Putin uchrashuvi ortga surilmoqda. Bu haqda esa alohida mavzu…
Rossiya yana paysalga solmoqda
Ukraina va Rossiya yetakchilari o‘rtasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan muzokaralar endi rostmanasiga katta so‘roq ostida qoldi. Oq uy ushbu jarayonga tayyorgarlikni boshlagani ko‘p narsani anglatmasligi mumkin. Chunki Rossiya kutilganidek yana imperialistik tafakkur ko‘rsatishni boshladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Putin bilan uchrashga rozi. Biroq u ham ba’zi eslatmalarni aytib o‘tdi. Bu eslatma davlat siyosati uchun ilohiy tushuncha bo‘lgan yer maslasida bo‘ldi. Ukraina Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa Zelenskiy hududiy masalalarni muhokama qilishga tayyorligi, ammo Ukraina rahbari bu masalada mamlakat qonunchiligi va jamoatchilik fikriga asoslanishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Kislitsa Ukraina jamiyati Rossiyaga yer berish evaziga tinchlikka erishishni istamayotganini ham qo‘shimcha qildi.
Shunday bo‘lishiga qaramay, hududiy masala baribir muhokama qilinadi. Kiyev bundan qochayotgani yo‘q. Zelenskiy buni Putin bilan o‘zaro gaplashib olmoqchi. Lekin u hududiy masala deganda faqat front chig‘ida to‘xtashni nazarda tutmoqda. Ukraina rasmiylari bosqinni bugungi front chiziqlarida to‘xtatilishini istamoqda, biroq Rossiyaga qoldiriladigan yerni hech qachon tan olmasliklarini aytyapti. Zelenskiy o‘zi yana bir bor 20 avgust kuni Rossiya tomonidan egallangan hududlar Ukraina tomonidan qonuniy tarzda tan olmasligini ma’lum qildi. Zelenskiy hududiy masalalar bo‘yicha muzokaralar faqat Rossiyaning talab va shartlari aniq bo‘lgandan keyin muhokama qilinishi mumkinligini aytgan, biroq Ukraina o‘z yerlarining bosib olinishiga hech qachon rozi bo‘lmasligini ta’kidlagan. Zelenskiy Donbass masalasiga ham to‘xtalib, Rossiyaning mintaqani to‘liq egallashi uchun kamida to‘rt yil kerak bo‘lishini aytgan. Unga ko‘ra, to‘rt yil davomida Rossiya faqat Donetsk viloyatining uchdan bir qismini bosib olgan va Donbassni to‘liq egallash haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Zelenskiy, shuningdek, Rossiyaning urushni to‘xtatish evaziga Ukraina hududlarini topshirish haqidagi taklifini “havoyi gap” deb atab, bu Putin urushni tugatishni istamayotganidan dalolat berishini aytgan.
Rossiyaning pozitsiyasi esa aniq. Kreml Ukrainaga Zelenskiy aytganidek, son-sanoqsiz va asossiz shartlar qo‘yishda davom etmoqda. Masalan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainada rus tilini qonuniylashtirishdan tortib, uni okkupatsiyaga rozi emasligigacha bo‘lgan haqli qarshiligiga norozilik bildirdi. Lavrov Alyaskadagi sammitda Rossiya ayrim masalalarda "moslashuvchanlik" ko‘rsatgani, biroq Zelenskiy hammasiga "yo‘q" deganini da’vo qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy Ukraina NATOga a’zo bo‘lishidan voz kechish, hududiy masalalarni muhokama qilish va rus tilidan foydalanish taqiqini bekor qilish kabi shartlarni rad etgan. Moskva esa o‘z-o‘zidan aynan shu kabi bahonalar bilan Zelenskiy va Putinning ehtimoliy uchrashuvini sun’iy tarzda ortga surmoqda. Oq uyda o‘tgan AQSH, Ukraina va Yevropa liderlarining umumiy uchrashuvida Tramp tomonidan juda iliq so‘zlar bilan maqtalgan Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubb esa Putin bu ishi bilan Trampning sabr-kosasini to‘ldiriyotgani haqida ogohlantirdi.
Tramp Putinga: "Tezroq harakat qil!"
Vladimir Putinning muzokaralarga bo‘lgan bunday yondashuvi Donald Trampni jig‘ibiyron qilayotgani aniq. Shuning uchun Rossiya yetakchisi Zelenskiy bilan uchrashishni va bosqinni to‘xtatishni ortga surishi bilan birga bir vaqtning o‘zida Trampni ham tinimsiz maqtash orqali vaziyatni yumashatishga urinmoqda. U Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, Rossiya va AQSH munosabatlari juda past darajaga tushib ketgani, ammo Tramp hokimiyat tepasiga kelishi bilan “tunnel oxirida yorug‘lik” ko‘ringanini takidladi. Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Alyaskadagi sammitdan keyin Rossiya va AQSH aloqalari vazirliklar, idoralar va ikki mamlakat kompaniyalari darajasida davom etmoqda. Putin shu gap orasida urushni tugatish faqat Rossiyaga bog‘liq emasligini ham qo‘shimcha qilgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Oq uyda kelasi yil AQSHda o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga bag‘ishlangan tadbirda Putinga masalani hal qilish uchun bir necha hafta muhlat berganini ma’lum qildi. Tramp bu boradagi jarayonlardan noroziligini bildirib, Rossiya Prezidentini tezroq va aniqroq harakat qilishga chaqirdi. U Putinga berilgan muddatga aniqlik kiritib, bu faqat bir yoki ikki haftagacha cho‘zilishini aytdi. Donald Tramp shu muddat ichida Rossiya–Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tishi yoki o‘tmasligini diqqat bilan kuzatishini, shundan keyingina natijaga qarab tegishli qaror qabul qilishini bildirdi. Trampning bu boradagi ehtimoliy qarori esa yanada qiziq. U agar Rossiya muzokaralarga kirishdan bosh tortsa, unga nisbatan qo‘shimcha tariflar va qattiq sanksiyalarn joriy qilishi yoki umuman hech qanday chora qo‘llamasligini aytdi.
“Shunda men biz nima qilishimizni hal qilaman. Aslida, bu juda muhim qaror bo‘ladi. Ya’ni – bu qattiq sanksiyalar (Rossiyaga nisbatan), qattiq tariflar yoki ikkalasi birgalikda bo‘lishi mumkin. Yoki biz umuman hech narsa qilmaymiz va shunchaki: “Bu – sizning urushingiz”, deymiz”, dedi u.
AQSHga endi chetdan trakchi kerak emas
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda AQSHga borib trak haydash orqali pul topish maqsadida yurganlar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. AQSHga ketish dardida yurganlarning aksariyatining tilida faqat bitta gap: "Borib olay, 2-3 kunda trak haydashga chiqib ketaman." Bu ishning mashaqqati va masuliyati o‘sha yerdagi o‘zbek trakchilari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda qanchalik aytilmasin, O‘zbekistonda AQSHga borib, trak haydash orzusida yurganlar kamaygani yo‘q. Ammo endi Qo‘shma Shtatlar bunga rasman cheklov qo‘ydi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘zining X dagi sahifasida AQSH tijorat yuk mashinalari haydovchilari uchun ishchi vizalarini berishni to‘xtatgani va mazkur o‘zgarish darhol kuchga kirganini ma’lum qildi. Rubio buni xorijlik haydovchilar soni ko‘payib yo‘llardagi xavfsizlikka hamda amerikaliklarning ish o‘rniga zarar berayotgani bilan izohladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu qaror barcha mamlakat va millatlarga taalluqli bo‘lib, muayyan bir davlatga qaratilmagan.
Umuman olganda, AQSHda so‘nggi kunlarda viza bilan bog‘liq masalalar kuchaytirilgani haqida xabarlar ko‘paygandi. Masalan, 21 avgust kuni AP (Associated Press) nashri AQSH Davlat departamenti 55 milliondan ortiq chet elliklarning ma’lumotlarini tekshirishni boshlagani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, ular turli toifadagi viza egalari bo‘lib, mazkur muhojirlarning harakatlarida qonunbuzarlik aniqlansa, ularning vizalari bekor qilinadi va mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Barcha viza egalari “doimiy tekshiruvdan” o‘tkaziladi. Bu jarayon hujjatning amal qilish muddati tugashi, jinoiy faoliyati, jamoat xavfsizligiga tahdid, terrorchilik faoliyatida ishtirok yoki terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash kabi “talablarga mos kelmaslik alomatlarini” aniqlashga qaratilgan.
Bordiyu, shunday belgilar topilsa, viza bekor qilinadi, agar uning egasi AQSH hududida bo‘lsa deportatsiya qilinadi. Davlat departamenti tekshiruvda “mavjud barcha ma’lumotlardan” foydalanishini, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari, immigratsiya xizmatlari bazalari hamda muhojirlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ham nazoratda ekanini ochiqlagan.
Live
Barchasi