Putin Zelenskiy bilan muzokara olib borishga tayyor – Peskov
Olam
−
24 fevral 2022
12819Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina rahbariyati bilan uning neytral maqomi borasida muzokaralar olib borishga tayyor. Bu haqda uning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Putin Ukraina rahbariyati bilan uning neytral maqomi borasida muzokaralar olib borishga tayyor. Qurolli hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha (Kiyev ham xuddi shunday javob qaytargan taqdirda) masalani ham ko‘rib chiqishga shay”, deydi Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Moskvaning xavfsizlik bilan bog‘liq muammolari yuzasidan muloqotga tayyor bo‘lsagina muzokaralar olib borish mumkin bo‘ladi.
“Hech kim Ukrainani bosib olish haqida o‘ylamayapti. Operatsiyadan maqsad – Ukrainani demilitarizatsiya qilish. Eng yaxshi holatda esa Ukrainani ozod qilib, millatchilardan tozalash. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, rossiyaliklar operatsiyani LXR va DXRni tan olishni qo‘llagani kabi qo‘llab-quvvatlaydi.
Operatsiya muddati voqealar rivojiga bog‘liq. Qarorni Prezident qabul qiladi. Ukraina taqdirini esa ukrain xalqi hal qiladi”, deydi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar uzilganini ma’lum qilgan edi.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirganini ma’lum qildi.
LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev esa Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi