Putin Zaporoje AESni ham o‘ziniki qilib oldi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Zaporoje atom elektr stansiyasi (ZAES) ob’ektlarini federal mulkka olish haqida ko‘rsatma berdi. Bu haqda Prezident imzolagan farmonda so‘z boradi, deb yozmoqda TASS. 

“Rossiya Federatsiyasi hukumati Zaporoje atom elektr stansiyasining atom inshootlari va uning faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa mulklar federal mulkka qabul qilinishini ta’minlashi kerak”, deyiladi hujjatda. 

Putin o‘z farmoni bilan Zaporoje AESning operatsion tashkiloti maqomini o‘rnatdi.  

“Zaporoje AESni ekspluatatsiya qilish tashkiloti" aksiyadorlik jamiyatiga atom energiyasidan foydalanish sohasida mustaqil ravishda yoki boshqa tashkilotlarni jalb qilgan holda Zaporoje atom elektr stansiyasining ob’ektlaridan foydalanish va tugatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradigan operatsion tashkilot maqomi berilsin", deyiladi farmonda. 

Putin 2028 yilgacha Zaporoje AES bilan ishlash xususiyatlarini aniqlashni topshirdi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi atom elektr stansiyalari xavfsizligini ta’minlash uchun moliyaviy va boshqa resurslardan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlarini, litsenziyalar berishni, davlat tomonidan tartibga solish jihatlarini belgilasin va boshqa masalalarni hal etadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 sentyabr kuni Ukrainaning “Energoatom” milliy atom energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Zaporoje AES to‘liq to‘xtatilganini e’lon qildi.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini aybladi. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.

Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Zaporoj'e AES

Baholaganlar

242

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing