Putin Yevropani ikki o‘t orasida qoldirdi
Tahlil
−
29 aprel 2022
51762Germaniya va Vengriyaning energetika kompaniyalari Vladimir Putinning rus gazini sotib oluvchilar to‘lovni rublda amalga oshirishi haqidagi talabini bajarish niyatida ekanliklarini tasdiqladilar. Ammo Yevropa Ittifoqi ushbu kompaniyalarning Rossiya markaziy banki bilan operatsiyalarni taqiqlovchi sanksiyalarni buzish xavfi borligini aytdi. Kreml allaqachon Polsha va Bolgariyaga gazni yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ygani sababli ham boshqa Yevropa mamlakatlarining gazsiz qolishi xavfi yuqori.
Rossiya qanday talab qo‘ydi?
Putin Rossiyaga “nodo‘stona” munosabatda bo‘layotgan mamlakatlardan kelgan xaridorlar gaz uchun to‘lovni rublda to‘lashni boshlashlari lozimligini aytdi. Odatda, xaridorlarning katta qismi to‘lovlarni yevro yoki dollarda amalga oshirardi.
Putinning mart oyida chiqargan 172-sonli farmoniga binoan xaridorlar “Gazprombank”da ikkita hisob ochishni talab qiluvchi yangi to‘lov tizimiga o‘tishlari lozim. Pul yevro va dollarda birinchi hisob raqamiga to‘langach, u bank tomonidan rublga konvertatsiya qilinadi hamda ikkinchi hisob orqali Gazpromga to‘lov amalga oshiriladi. Faqat shu holatdagina xaridor gaz uchun to‘lovni amalga oshirishda qonuniy majburiyatini bajargan hisoblanadi.
Kimlar rozi bo‘ldi va kimlar esa yo‘q?
Vengriya bu rejadan mamnun ekanini ma’lum qildi va, ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropaning uchta yirik gaz shirkatlari – Germaniyaning Yuniper, Italiyaning Eni va Avstriyaning OMV kompaniyalari ham Putin farmoniga amal qilish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda.
Shu haftaga qadar Putinning uning talabini rad etgan xaridorlarni ta’minotdan uzish borasidagi tahdidi amalga oshishi noma’lum edi. Biroq, joriy yioning 27 aprel kuni Gazprom Bolgariyaning Bulgargaz va Polshaning PGNiG kompaniyalariga gaz yetkazib berishni ular to‘lovlarni rublda amalga oshirishdan bosh tortgani sababli to‘xtatgani bu tahdidlar shunchaki “quruq” gap emasligini isbotladi.
Boshqalar haqida nima deyish mumkin?
Yevropa yetakchilari, jumladan Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Putinning buyrug‘ini bajarmasliklarini ma’lum qilishdi.
Yevropa Ittifoqining shu oy boshida ma’lum qilgan dastlabki tahliliga ko‘ra, Rossiyaning talabini bajarish Kremlga qo‘yilgan sanksiyalarni buzish hisoblanadi. Bunga sabab sifatida uning valyutani konvertatsiya qilish jarayoni markazida sanksiyalar ostida bo‘lgan Rossiya Markaziy bankining turganligi ko‘rsatildi.
“Konvertatsiya jarayoni qancha vaqt olishi noma’lumligi sababli, bu vaqt ichida chet el valyutasi to‘liq Rossiya hukumati, jumladan Markaziy bankning qo‘lida bo‘ladi. Buni Yevropa Ittifoqi kompaniyalari tomonidan berilgan kredit sifatida ham ko‘rib chiqilishi mumkin”, deyiladi komissiya bayonotida.
Kecha, 28 aprel kuni Yevropa ittifoqi rasmiylari Rossiyada rubl hisobini ochishga va shu yo‘l bilan gaz uchun to‘lovni amalga oshirishga rozi bo‘lgan har qanday kompaniya sanksiyalarni buzgan hisoblanshini tasdiqladi.
Nega Rossiya to‘lovlarni rublda olishni xohlamoqda?
Putinning Rossiya gaz eksportini "qurolga aylantirishi" urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay e’lon qilingan iqtisodiyotni mustahkamlashga qaratilgan strategiyaning bir qismidir.
G‘arbning sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qarori rubl qiymatining keskin pasayishiga olib keldi va natijada giperinflyatsiya xavfini oshirdi. Bunga javoban Rossiya kuchli kapital nazoratini o‘rnatdi, unga ko‘ra eksportchi kompaniyalar o‘z valyuta tushumlarini rublga aylantirishga majbur bo‘lib qoldi.
“Capital Economics” kompaniyasining sarmoya iqtisodiyoti iqtisodchisi Liam Pichning aytishicha, kapital nazorati rublni valyuta treyderlari uchun bir tomonlama pul tikishga aylantirib, nima uchun dollarga nisbatan bosqindan oldingi darajaga qaytganini tushunishga yordam beradi.
Pichga ko‘ra, bu hafta Polsha va Bolgariyaga nisbatan amalga oshirilgan harakatlar Rossiyaning iqtisodiyotiga unchalik ham ta’sir ko‘rsatmaydi. “Yevropalik importyorlar “Gazprombank”ga to‘lovlarni keyinchalik rublga konvertatsiya qilinadigan yevroda amalga oshirishda davom etadi. Bu katta farq qilmaydi”, deydi u, “siyosiy jihatdan Putin Rossiya sanksiyalarga qarshi tura olishini va biroz bosim o‘tkazishga qodirligini ko‘rsatishga harakat qilayotgan”ligini ta’kidlab.
Nega Rossiya yevro va dollarda to‘lovlarni xohlamayapti?
Buni ikki sabab bilan izohlash mumkin. Birinchidan, yevro yoki dollarda amalga oshirilgan to‘lovlar Rossiyaning urush boshlanganidan buyon muzlatib qo‘yilgan valyuta zaxiralariga qo‘shiladi. Rossiya gazi uchun rublda to‘lov esa chuqur tanazzulga yuz tutayotgan iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ikkinchidan, Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilganidan keyin asta-sekin dollar va yevroda hisob-kitob qilishdan uzoqlashib, o‘z energiyasi uchun rubl va yuandagi to‘lovlarni oshirishga intilmoqda. Ukrainadagi urush esa bu tendensiyani tezlashtirib yubordi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden Vashington Rossiyadan barcha turdagi energiya importiga taqiq qo‘yishini ma’lum qildi. AQSH Kongressining Vakillar palatasi 9 mart kuni Rossiyadan energiya resurslari importini taqiqlash va AQSH rasmiylari tomonidan Rossiyaning Jahon savdo tashkilotidagi (JST) ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
Joriy yilning 5 aprel kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Klement Bon Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorlanayotganini aytdi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen taqiq, xususan, yarimo‘tkazgichlar, mashinalar va transport uskunalarini Rossiya Federatsiyasiga eksport qilish, shuningdek, Rossiya ko‘mirini import qilishga ta’sir qilishini aytdi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasidan neft importiga nisbatan choralar ko‘rilishi kutilmoqda. Biroq, YeI Rossiya gazini rad etmaydi, chunki Vengriya bunday qarorga veto qo‘yishga tayyor.
Keyinroq, Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya gaziga nisbatan keskin embargo (cheklov) Ukrainadagi harbiy mojaroni to‘xtatmasligi, balki Germaniya va butun Yevropada jiddiy iqtisodiy inqirozga olib kelishini aytgandi.
Kamron Kenjayev
LiveBarchasi