Putin vositachilik uchun Erdo‘g‘anga rahmat aytdi
Olam
−
28 aprel 2022
8805Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘anga Yaroshenkoni Ridga almashtirishda vositachilik qilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu voqea Turkiyada, Prezident idorasida bo‘lib o‘tgandi.
“Muloqot chog‘ida kecha Turkiyada bo‘lib o‘tgan Rossiya va AQSH o‘rtasidagi almashinuv, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq voqealar yuzasidan fikr almashildi. Rossiya Prezidenti Putin muzokaralar chog‘ida kecha Turkiyada Milliy razvedka tashkiloti koordinatsiyasi va nazorati ostida bo‘lib o‘tgan rus uchuvchi Konstantin Yaroshenko va AQSH dengiz piyodasi Trevor Rid almashinuvi uchun Prezident Erdog‘anga minnatdorlik bildirdi”, deyiladi Turkiya Prezidenti devoni xabarida.
Prezident Erdo‘g‘an Turkiyaning bu almashinuvda vositachilik qilishi nafaqat tinchlik, muloqot va hamkorlikka bergan e’tiborining belgisi, balki vositachilik missiyasi nuqtai nazaridan ham ahamiyatli ekanligini aytgan.
Erdo‘g‘an va Putin Ukrainadagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Turkiya Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuvda yetakchilikni qo‘lga olishga va unga erishish yo‘lida vositachi bo‘lishga tayyor ekani ta’kidlangan.
Muloqot chog‘ida Rossiya Federatsiyasi va Turkiya razvedka tashkilotlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirish va yaqin muloqot barqarorlik o‘rnatilishiga hissa qo‘shadi, degan Erdo‘g‘an.
“Prezident Erdo‘g‘an razvedka tashkilotlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirish va yaqin muloqotni davom ettirish zarurligi haqida gapirdi. Uning aytishicha, bu mintaqada g‘ayriinsoniy fojialarining oldini olish va barqarorlikni o‘rnatishga yordam beradi”, deya xabar bergan Turkiya Prezidenti devoni.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an 26 aprel kuni ham Putin bilan qo‘ng‘iroqlashgandi. O‘shanda Erdo‘g‘an Putin bilan suhbatda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida yuzaga kelgan ijobiy munosabatni saqlab qolish barcha tomonlarning manfaatlariga mos ekanligini aytgan. U shuningdek, Putinga Istanbulda Zelenskiy bilan uchrashishni taklif qilgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 27 aprel kuni Rossiya amerikalik talaba Trevor Ridni AQSHda qo‘lga olingan uchuvchi Konstantin Yaroshenkoga ayirboshladi.
Texaslik talaba Trevor Roudi Rid 2020 yilda Moskvada to‘qqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. 2019 yil avgust oyida u politsiyaga hujum qilgan. Bo‘limga xizmat mashinasida ketayotib, haydovchining kiyimini yirtib, boshqa politsiyachini urgan.
Konstantin Yaroshenko 2011 yilda AQSH sudi tomonidan qamoqqa olingan edi. U giyohvand moddalarni kontrabanda qilish bo‘yicha til biriktirganlikda ayblanib, 20 yilga qamalgan. 2010 yil 28 mayda Liberiyada hibsga olingan va keyin AQSHga yuborilgan.
LiveBarchasi