Putin va Tramp uchrashuviga qaytadan tayyorgarlik ko‘riladi – Lavrov

Olam

image

Moskva Vashington bilan Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi sammitga tayyorgarlikni qayta boshlash masalasini muhokama qilishga tayyor. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mahalliy matbuotga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Lavrovning aytishicha, Budapesht uchrashuv o‘tkazish uchun Rossiyaga eng maqbul joy hisoblanadi. 

“Agar amerikalik hamkorlar o‘z takliflarini yangilab, sammitni tayyorlashga kirishsa, biz Budapeshtni eng qulay variant sifatida ko‘rib chiqamiz”, degan vazir. 

Lavrov, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp ham Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvida Budapeshtni afzal ko‘rganini qo‘shimcha qilgan. U AQSHning Rossiya bilan uchrashuvni bekor qilgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Lavrovning aytishicha, bu qaror Rossiya tomonidan yuborilgan “Ukraina bo‘yicha memorandum” bilan bog‘liq emas.

Vazirning tushuntirishicha, “non-paper” shaklidagi bu hujjat (majburiy kuchga ega bo‘lmagan ishchi taklif) Putin va Trampning 16 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan bir necha kun avval AQSH tomoniga yuborilgan. Unga ko‘ra, memorandumda Ankorijdagi avvalgi muzokaralarda erishilgan o‘zaro tushunishlar eslatib o‘tilgan, hech qanday provokatsion mazmun bo‘lmagan.

“Prezident Tramp telefon suhbatida hech qanday norozilik bildirmagan. U biz yuborgan hujjatni provokatsiya sifatida tilga ham olmadi”, degan vazir. 

Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, suhbatdan uch kun o‘tib, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali muloqot bo‘lgan. Uning aytishicha, keyingi bosqichda ikkala mamlakatning tashqi siyosat, mudofaa va maxsus xizmat vakillari uchrashuvi rejalashtirilgan edi, ammo bu tashabbus AQSH tomonidan davom ettirilmagan.

“Biz amerikaliklardan aniq joy va vaqt bo‘yicha tashabbus kutgandik, chunki sammitni o‘tkazish taklifi ulardan chiqqan edi. Biroq buning o‘rniga ular “uchrashuvning foydasi yo‘q” degan bayonot bilan chiqdi”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya TIV rahbari. 

Qayd etish joiz, 16 oktyabr kuni Putin va Tramp telefon orqali suhbatlashgach, Tramp Budapeshtda yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazish taklifini bildirgan, ammo oradan bir necha kun o‘tib, sammit bekor qilinganini e’lon qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Moskva Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing