Putin va Lukashenko vanihoyat uchrashdi. Ular nima haqida suhbatlashdi? (Video)

Olam

image

Avvalroq, Rossiya va Belarus Prezidentlari Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvi Sochida bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik.

Bugun 22 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlarining o‘zaro suhbatida ikki tomonlama iqtisodiy, siyosiy aloqalar, karantin vaqtida Rossiyaning qo‘shni Belarusga qilgan yordami hamda “Sputnik V” vaksinasi haqida so‘z bordi.

“Biz har yili mintaqaviy boshqaruv tuzilmalari rahbarlari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazamiz. Bu juda muhim ish, chunki o‘zaro aloqamizning mintaqaviy darajasi sezilarli hajmda rivojlanib bormoqda: ular bizning iqtisodiy, insoniy aloqalarimiz”, deydi Rossiya Prezidenti.

Putinning ta’kidlashicha, Rossiya Belarusning eng yirik savdo sherigi bo‘lib qolmoqda.

“Men o‘zaro hamkorlik, strategik sheriklik, ittifoqchilik darajasi tasdiqlanganini va Rossiya Belarusning eng yirik savdo-iqtisodiy sherigi bo‘lib qolayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlayman. Taxminan 50 foiz, biz eng katta investormiz”, deydi Putin.

Rossiya rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Belarus iqtisodiyotiga kiritilgan sarmoyalarning umumiy hajmi 4 milliard dollardan oshgan.

Putindan so‘ng Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko ham yuqoridagi mavzular doirasida o‘z fikrlarini bildirdi.

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning deyarli barcha yo‘l xaritalari imzolashga tayyor. Shuningdek, u Moskvaning Minskka ko‘rsatgan moliyaviy yordami o‘z vaqtida va muhim ekanligini ta’kidlagan.

“Siz shuni bilishingiz kerakki, biz pulni havoga sovurmadik. Ishlab chiqarishga sarmoyalar kiritmoqdamiz. Rossiyadan juda ko‘p miqdordagi xomashyo va butlovchi buyumlar sotib olyapmiz va bu hajm doimo o‘sib bormoqda. Agar biz tasdiqlagan loyihalarni amalga oshirsak, demak Rossiya Federatsiyasidan import sezilarli darajada oshadi”, deydi Putinning so‘zlariga javoban Belarus rahbari.

Koronavirusga qarshi emlash jarayonlarini muhokama qilish paytida Lukashenko Rossiya texnologiyalari asosida Belarus dori vositasini ishlab chiqarishini e’lon qilgan.

“Eng samarali vaksina – bu Rossiya vaksinasi. Kimdir uni qanday “trollasa” ham, ushbu vaksina butun dunyoda tan olingan”, deydi Belarus Prezidenti.

Lukashenkoning ta’kidlashicha, Rossiyaning ko‘magi bo‘lmaganda, Belarus rasmiylariga emlashni tashkil qilish qiyin bo‘lardi.

Putin “Sputnik V”ning yangi partiyalari joriy yilning fevral va mart oylarida Belarusga etkazib berilishini aytib o‘tdi.

Avvalroq, OAVda Lukashenko va Putin uchrashuvining bosh mavzusi Minskka ajratiladigan 3 mlrd dollar miqdoridagi qarz paketi bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Sochi Putin Lukashenko

Baholaganlar

172

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing