Putin va Erdo‘g‘an 10 kun o‘tib yana telefonda gaplashdi

Olam

image

Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 16 yanvar kuni telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati yetakchilar o‘rtasidagi muloqot yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. 

Davlat rahbarlari Anqara va Damashq o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish masalalarini ko‘rib chiqqan. 

“Turkiya-Suriya munosabatlarini normallashtirish masalalari, jumladan, Anqaraning Rossiya, Turkiya va Suriya vakillari ishtirokida maslahatlashuvlarni boshlash tashabbusi kontekstida muhokama qilindi”, deyiladi xabarda. 

Bundan tashqari, yetakchilar Rossiya, Turkiya va Eronning “Ostona jarayoni” doirasida Suriyani tartibga solishga ko‘maklashish bo‘yicha birgalikdagi ishining amaliy ahamiyatini qayd etgan. 

Putin va Erdo‘g‘an, shuningdek, ustuvor masalalardan energetika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilgan. 

“Ikkala tomon ham Rossiya-Turkiya hamkorligini yanada har tomonlama rivojlantirish niyatini tasdiqladi. Ustuvor yo‘nalishlar qatorida energetika sohasidagi hamkorlik, jumladan, Rossiya tabiiy gazini yetkazib berish va Turkiyada mintaqaviy gaz xabini yaratish ham bor”, deyiladi Kreml xabarida. 

Joriy yilning 5 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan avvalgi suhbatda ham davlat rahbarlari qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirish muhimligini ta’kidlagan edilar. Shundan so‘ng Erdo‘g‘an Turkiya yaqin orada gaz xabi yo‘l xaritasini tayyorlashni yakunlashini ta’kidladi. 

Rahbarlar g‘alla kelishuvining bajarilishini muhokama qildi.  

“2022 yil 22 iyuldagi Ukraina g‘allasini Qora dengiz portlaridan eksport qilish hamda Rossiyadan oziq-ovqat va o‘g‘it yetkazib berish blokini olib tashlash bo‘yicha Istanbul kelishuvlari paketini amalga oshirish ko‘rib chiqildi”, deyiladi Kreml xabarida. 

Ukrainadagi vaziyat

Putin va Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi asirlarni, xususan yaradorlarni almashish masalasini muhokama qildi. 

“Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan fikr almashish davom etdi. Xususan, Turkiya tomoni tashabbusi hamda Rossiya va Ukraina inson huquqlari bo‘yicha komissarlarining yaqinda Anqarada bo‘lib o‘tgan muloqotlarini inobatga olgan holda, mahbuslarni, birinchi navbatda, yaradorlarni almashish masalasi ko‘tariladi”, deyiladi xabarda. 

Matbuot xizmatida ta’kidlanganidek, Rossiya davlati rahbari o‘z suhbatdoshining e’tiborini G‘arb homiylari ko‘magida jangovar harakatlarni kuchaytirishga, uzatilayotgan qurol-yarog‘ va harbiy texnika hajmini oshirishga tayangan Kiyev rejimining buzg‘unchi chizig‘iga qaratdi.

“Kiyevning ikkiyuzlamachilik siyosatiga misol qilib, pravoslav Rojdestvosi davrida o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etish bo‘ldi”, deyiladi xabarda. 

Bu Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi 2023 yil boshidan beri ikkinchi telefon muloqoti bo‘lib, avvalgisi 5 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing