Putin va’da berdi: o‘zbekistonlik migrantlarga sharoit yaratiladi
Olam
−
27 may
20061Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun Rossiya Federatsiyasida munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishiga va’da berdi. U bu haqda bugun, 27 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Rossiyada milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi yashab, mehnat qilmoqda. Biz ular Rossiya iqtisodiyotini, ayniqsa, qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport va logistika kabi jadal rivojlanayotgan tarmoqlarni rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasini yuksak qadrlaymiz”, deydi Putin.
Shu bilan birga, u O‘zbekiston fuqarolaridan o‘z vatanlariga pul o‘tkazmalari O‘zbekiston iqtisodiyoti, mamlakatning turli hududlaridagi oilalar uchun jiddiy yordam bo‘lishiga umid qilmoqda.
“Rossiya hukumati biz bilan ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoyani ta’minlash uchun barcha zarur ishlarni qilmoqda va qiladi, biz migratsiya sohasidagi barcha dolzarb masalalar bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikni davom ettiramiz”, deydi Rossiya Prezidenti.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu ish har ikki tomonda ham kuchaytiriladi.
LiveBarchasi