Putin va Baydenning yuzma-yuz uchrashuv joyi va vaqti ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi uchrashuv joriy yilning 15-16 iyun kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 25 may kuni Bayden ma’muriyatidagi manbalariga asoslanib Amerikaning CNN telekanali xabar berdi. Ushbu ma’lumotni Kreml ham tasdiqladi.

“[Bayden] ma’muriyati rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Jeneva ikki davlat rahbarlarining uzoq munozarali uchrashuvi uchun mezbon shahar sifatida tanlandi. Ular Baydenning birinchi chet el safari oxirida 15-16 iyun kunlari uchrashishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, AQSH Prezidenti iyun oyining o‘rtalarida G7 va NATO sammitlarida qatnashish uchun Yevropada bo‘ladi. G7 (Group of seven — Katta yetilik — tahr.) yig‘ilishi 11-13 iyun kunlari Buyuk Britaniyada, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti (NATO)ning yig‘ilishi esa 14 iyunda Belgiya poytaxti Bryusselda bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, Bayden va Putin 13 aprel kuni telefon orqali muloqot qildi. Muloqot vaqtida Bayden uchinchi davlatda Rossiya-AQSH sammitini o‘tkazish taklifini bildirgan.

Bundan avval, aniqrog‘i mart oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden Vladimir Putinni “qotil”, deb bilishini aytgan edi. Bunga javoban, Putin Amerika rahbariga sog‘lik tilab, uni jonli efirdagi munozaraga taklif qildi. Bayden jamoasi esa Rossiya rahbarining ushbu tashabbusiga rad javobini bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

302

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing