Putin va Bayden sabab Shveysariya havo hududining bir qismi yopiladi
Olam
−
11 iyun 2021
5580Shveysariya hukumati Jenevada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Jo Baydenning uchrashishi munosabati bilan mamlakat havo hududining bir qismini parvozlar uchun yopadi. Bu haqda Shveysariya hukumati rasmiy saytida xabar berilgan.
Ta’kidlanishicha, Shveysariya Harbiy havo kuchlari havo politsiyasi funksiyalarini bajaradi va havo hududini kuzatishni kuchaytiradi. Cheklovlar mahalliy vaqt bilan 15 iyun kuni soat 08:00 dan 17 iyun soat 08:00 gacha joriy etiladi. Qayd etilishicha, cheklovlar Jeneva xalqaro aeroportining tijorat reyslariga ta’sir qilmaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, Federal Kengash sammit munosabati bilan Jenevaning kanton hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun 1000 nafargacha harbiylarni jo‘natishga ruxsat bergan. Ta’kidlanishicha, harbiylar xorij vakolatxonalarini himoya qilish uchun ham javobgar bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi uchrashuv 16 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahridagi “La-Granj” qasrida bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq, Shveysariya Putin va Bayden uchrashuviga qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergandik. Unga ko‘ra, qasrni sammitga tayyorlash ishlari boshlanib ketgan. Rasmiylar ko‘kalamzorlashtirish va xavfsizlik bo‘yicha ish olib bormoqda. Harbiylar va politsiya “o‘ta muhim” sabablarga ko‘ra bog‘ni o‘rab olgan. Bog‘ atrofida radarlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan to‘siqlar o‘rnatilgan. “La-Granj” joylashgan rayonda harbiy, maxsus texnika aylanib yuribdi.