Putin o‘zbekistonlik diplomatni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi
Jamiyat
−
08 Oktabr
8940Bugun, 8 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashi majlisi doirasida MDH Bosh kotibining o‘rinbosari, O‘zbekiston diplomati Ilhom To‘ychiyevich Ne’matovni Rossiya Federatsiyasining "Drujba" ("Do‘stlik") ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Ilhom Ne’matovning MDHni rivojlantirishdagi xizmatlarini, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi sifatidagi faoliyati davomida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasini qayd etib, mukofotni topshirgan.
Ma’lumot uchun, Ilhom Ne’matov 1952 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, 1973 yili Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. Iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega.
U 1992-93 yillarda konsullik boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i, ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. Keyingi yillarda u Germaniyadagi elchixonada, Tashqi ishlar vazirligining konsullik boshqarmasida, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashida ishlagan, 1997-1999 yillarda Hindistondagi elchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U 1999 yildan 2008 yilgacha ham Tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2008-2010 yillarda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi, 2010-2013 yillarda esa O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi sifatida ishlagan, 2013-2014 yillarda TIVning alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi, 2014-2016 yillarda GM Uzbekistan bosh direktori maslahatchisi bo‘lgan, 2016 yilda yana TIVning alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi lavozimiga qaytgan.
Ilhom Ne’matov 2018-20 yillarda Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. U 2020 yilda Prezident farmoniga binoan birinchi o‘rinbosarlikdan Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarligiga tushirilgan. Ne’matov 2021 yil 1 yanvardan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibining o‘rinbosari vazifasini bajarishga kirishgan. 2021 yil 8 may kuni Minsk shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining yig‘ilishida Ilhom Ne’matov ushbu lavozimga tasdiqlangan.
LiveBarchasi