Putin Ukrainaga NATO qo‘shinlari kiritilishi nimaga olib kelishini aytdi
Olam
−
15 Oktabr 2022 36775 2 daqiqa
NATO qo‘shinlarining Rossiya armiyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnash kelishi uchun Ukraina hududiga kiritilishi global falokatga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘ta xavfli qadamdir. Bu haqda kecha, 14 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin jurnalistlarga ma’lum qildi.
NATOning Ukrainaning mag‘lubiyati alyansning mag‘lubiyati bo‘ladi degan so‘nggi bayonoti haqida gapirar ekan, Rossiya yetakchisi “bu tushunchalar, huquqiy texnika masalasi”, ekanini ta’kidladi.
“Buni har kim har xil tushunishi mumkin. Qrimning 2014 yilda Rossiya Federatsiyasining sub’ektiga aylangani mag‘lubiyatmi yoki bu nima?”, deb Putin, aftidan, NATO allaqachon qarama-qarshilikni boy berganiga ishora qilgan.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti, agar jangovar vaziyat Kiyev uchun halokatli bo‘lib qolsa, NATO qo‘shinlarini Ukrainaga kiritish imkoniyati bormi, degan savolga quyidagicha javob qaytardi:
“Har holda, har qanday qo‘shinni Rossiya armiyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikka keltirish global falokatga olib kelishi mumkin bo‘lgan juda xavfli qadamdir. Umid qilamanki, bu haqda gapirayotganlarning bunday xavfli qadamlarga bormaslik uchun aqli yetarli”.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg joriy yilning 11 oktyabr kuni Rossiyaning Ukrainadagi mojaroda g‘alaba qozonishi NATO uchun mag‘lubiyat bo‘lishini aytgandi. Unga ko‘ra, Kiyevning g‘alaba qozonishi muhim. Stoltenberg, shuningdek, alyans Ukrainada uzoq davom etadigan urushga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Live
Barchasi