Putin Ukrainaga qo‘shin kiritganini oqlab, ukrain xalqiga murojaat qildi
Olam
−
24 fevral 2022
27898Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rus harbiylari Ukraina bo‘ylab raketa zarbalari berishni boshlashi ortidan ukrainaliklarga murojaat qildi. U ukrainaliklarni hamkorlikka chaqirgan.
“Ukraina fuqarolariga murojaat qilaman. 2014 yilda Rossiya Qrim va Sevastopol aholisini siz o‘zingiz “natsistlar” deb ataydiganlardan himoya qilishga majbur bo‘lgan. Qrimliklar, sevastopolliklar o‘z tanlovini qildi — o‘zlarining tarixiy vatanlari bilan, Rossiya bilan birga bo‘ldi. Va biz buni qo‘llab-quvvatladik. Qayta aytaman, ular boshqacha yo‘l tutishi mumkin emas edi. Bugungi voqealar Ukraina va ukrain xalqi manfaatlariga tajovuz qilish istagi bilan bog‘liq emas. Ular Ukrainani garovga olgan va undan mamlakatimiz hamda uning xalqiga qarshi foydalanishga urinayotganlardan Rossiyaning o‘zini himoya qilishi bilan bog‘liq. Takror aytaman, bizning harakatlarimiz o‘zimizni o‘zimiz himoya qilish, bizga kelayotgan tahdidlardan va bugungi kunda sodir bo‘layotganidan ham kattaroq ofatdan himoya qilishdir”, degan Putin.
RF rahbari so‘zida davom etib, mustaqil munosabatlarni o‘rnatish uchun o‘zaro hamkorlikka chaqirgan.
“Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, buni tushunishingizni so‘rayman va hamkorlikka chaqiraman. Bu fojiali sahifani imkon qadar tezroq o‘tkazib, birgalikda olg‘a borish uchun. Ishlarimizga, munosabatlarimizga hech kim aralashmasligi uchun. Davlat chegaralari mavjudligiga qaramay, bu bizni butun ichimizdan mustahkamlaydi. Men bunga ishonaman”, degan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilgan. Moskva tomonidan o‘tkazilgan umumxalq ovoz berishini hech bir davlat tan olmagan. Shuningdek, Putin dastlab 2014 yilda Qrimni Rossiyaga qo‘shib olishda rus harbiylari ishtirok etmaganini iddao qilgan. Keyinroq 2016 yilda esa u ochiqchasiga Qrimda rus “spetsnaz”i bo‘lganini aytgan.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi