Putin Ukrainada o‘z maqsadlariga erisha olmadi – Bayden
Olam
−
14 yanvar
3108Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada bitta ham strategik maqsadga erisha olmadi va ukrainaliklar AQSH ko‘magida o‘z mamlakatlarini yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Bu haqda AQSHning muddati tugayotgan Prezidenti Jo Bayden kecha, 13 yanvar kuni Davlat departamentida o‘z ma’muriyatining tashqi siyosat sohasidagi to‘rt yillik faoliyati natijalarini sarhisob qilgan nutqida aytib o‘tdi.
“Putin Ukrainaga bostirib kirganida, u Kiyevni bir necha kun ichida zabt etaman deb o‘ylagan edi, ammo haqiqat shuki, bu urush boshlanganidan beri Kiyevning markazida u emas, faqat men turganman. Mana endi uch yil o‘tib, Putin o‘zining hech qanday strategik maqsadlariga erisha olmadi, u Ukrainani o‘ziga bo‘ysundira olmadi, NATO birligini buzmadi va katta hududiy yutuqlarga ham erisha olmadi”, deya ta’kidlagan Prezident.
Shu bilan birga, u Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi. Rossiya qo‘shni davlatga bostirib kirishi boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga ittifoqchilari orasida juda keng ko‘lamli yordamni ko‘rsatdi.
“O‘tgan oylarda Bayden yana bir bor qurol-yarog‘ ta’minotini kuchaytirdi”, deya yozgan AFP News.
Umuman olganda, Baydenning so‘zlariga ko‘ra, uning prezidentlik davrida "Amerika va uning ittifoqchilari kuchliroq bo‘ldi”. Qo‘shma Shtatlar “global raqobatda g‘alaba qozonmoqda”, Xitoy tegishli prognozlarga qaramay, uni chetlab o‘ta olmaydi, Rossiya va Eron esa AQSH ishtirok etmagan urushlarda zaiflashgan.
“To‘rt yil oldingi vaziyat bilan solishtirganda, Amerika kuchliroq, dushmanlarimiz va raqobatchilarimiz esas zaifroqdir”, degan Bayden.
Yakuniy nutqida Bayden, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham to‘xtaldi. U AQSHning tomonlar o‘rtasida bo‘lajak sulh bitimini tayyorlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini ta’kidladi.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, muzokarachilar G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish va u yerda o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlash, o‘z navbatida, tinch aholiga gumanitar yordam yetkazish imkonini beruvchi kelishuvni tuzishga yaqin turibdi.
“Shunchalik begunoh odamlar o‘ldirildi, qanchadan-qancha jamoalar vayron bo‘ldi. Falastin xalqi tinchlikka, o‘z kelajagini belgilash huquqiga loyiqdir. Isroil tinchlik va haqiqiy xavfsizlikka loyiqdir. Garovga olinganlar va ularning oilalari birlashishga haqlidir. Shuning uchun biz zudlik bilan ushbu kelishuvni amalga oshirish ustida ishlayapmiz”, degan Bayden.
AQSHning Xitoy bilan munosabatlarini sharhlar ekan, Bayden uning ma’muriyati ikki davlat munosabatlarini rivojlantirishga “mas’uliyatni his qilgan holda” yondashganini va shu tariqa o‘zining prezidentlik davridagi to‘rt yil davomida ular hech qachon mojaroga borib qolmasligi uchun sharoit yaratib berganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 15 yanvar kuni AQSH prezidentligidan ketayotgan Jo Bayden xalqiga xayrlashuv murojaati bilan chiqish qiladi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar