Putin Ukrainada tashqi boshqaruv joriy etishni taklif qildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada BMT va bir nechta davlatlar homiyligida vaqtinchalik boshqaruvni joriy etish masalasini muhokama qilishni taklif qildi, shuningdek, ushbu boshqaruv ostida saylovlar o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi. Bu haqda u “Arxangelsk” atom suvosti kemasi dengizchilari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, saylovlar o‘tkazilgandan keyin tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar boshlanishi mumkin.

“BMT homiyligida Qo‘shma Shtatlar bilan, hatto Yevropa davlatlari bilan, albatta, bizning hamkorlarimiz va do‘stlarimiz bilan Ukrainaga vaqtinchalik boshqaruv joriy etish imkoniyatini muhokama qilish mumkin. Demokratik saylovlar o‘tkazish, xalq ishonchiga ega bo‘lgan, ishga layoqatli hukumatni hokimiyatga olib kelish uchun”, dedi u.

Putin, shuningdek, ilgari ham Sharqiy Timor, Yangi Gvineya va sobiq Yugoslaviyaning ayrim hududlarida BMT homiyligida tashqi boshqaruv joriy etilgan holatlar bo‘lganini eslatib o‘tgan.

“Bu faqat bitta variant. Men boshqa variantlar yo‘q, deb aytmayapman. Vaziyat tez o‘zgarib bormoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Vladimir Putin.

Ma’lumot uchun, Ukrainada oxirgi prezidentlik saylovlari 2019 yilda o‘tkazilgan. 2024 yilda esa urush sharoiti sababli saylovlar bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff Ukraina rahbariyati prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Biroq u saylovlar qanday shartlarda va qachon o‘tkazilishi borasida ma’lumot bermagan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ukraina tashqi boshqaruv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing