Koronavirusdan sog‘ayganlar soni 600 ga yaqinlashdi – SSV
Jamiyat
−
24 aprel 2020
5976Bugun, 24 aprel kuni Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 10 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.
Sog‘ayganlarning 7 nafari Toshkent shahridan, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatidan 1 nafardan. Ulardan 9 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan, 1 nafari esa Qozog‘iston Respublikasidan kelgan va karantin markaziga joylashtirilgan. Infeksiya aniqlangach, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Bemorlardan 6 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 14 yoshda.
Ushbu klinikada shu paytga qadar 58 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 68 nafarga yetdi.
Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 592 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha virus aniqlanganlar soni 1778 nafarga yetdi. Bugungacha bemorlarning 7 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi