Putin To‘qayev bilan AQSH va Ukraina masalasini muhokama qildi
Olam
−
08 avgust 2791 2 daqiqa
Bugun, 8 avgust kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Putin To‘qayev bilan Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi ittifoqchilik masalalarini muhokama qilgan. Shu bilan birga, Kreml rahbari To‘qayevga AQSH va Ukraina inqirozini hal etish masalalari bo‘yicha olib borilayotgan muloqot jarayoni haqida, jumladan, yaqinda AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvning asosiy natijalari xususida ma’lumot bergan.
To‘qayev berilgan ma’lumot uchun minnatdorlik bildirib, mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish yo‘llarini izlashga qaratilgan qadamlarni olqishlagan.
Tomonlar kun tartibidagi dolzarb, xususan, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari, sanoat va energetika sohalaridagi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan. Shuningdek, yil oxirigacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ishlari ham ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 avgust kuni Putin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy rahbari Si Szinpin hamda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan ham telefon orqali suhbat o‘tkazgandi. Putin deyarli barcha suhbatlarida 6 avgust kuni Moskva shahrida AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida ma’lumot bergan.
Live
Barchasi