Putin Trampga 2 oy ichida Ukrainadagi hujumlarni kuchaytirishini aytdi – OAV
Olam
−
14 iyul 8304 2 daqiqa
Rossiya yaqin ikki oy ichida Ukrainadagi hujumlarini kuchaytirish niyatida. Bu haqda Rossiya yetakchisi Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Trampning yaqinda bo‘lib o‘tgan suhbati tafsilotlariga tayanib, “Axios” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Putin AQSH Prezidentiga “kelgusi 60 kun ichida Rossiya muhim mavqega ega bo‘lgan Ukraina viloyatlari ma’muriy chegaralarigacha bo‘lgan hududlarni bosib olish uchun yangi harakatlarni amalga oshirishini” aytgan.
Manbalarga ko‘ra, Trampning o‘zi suhbatning shunday tafsilotlarini Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan shaxsiy suhbatida aytgan.
“U hamma narsani olishni xohlaydi”, degan Tramp Makronga.
Aynan shu suhbatdan keyin Amerika Prezidenti Putinni faol tanqid qila boshladi va Ukrainaga yangi qurollar yetkazib berishga qaror qildi.
Qayd etish joiz, kecha, 13 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Merilend shtatidagi Endryus qo‘shma bazasida Qo‘shma Shtatlar Patriot havo mudofaa tizimlarini Ukrainaga topshirishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 12 iyul kuni “Axios” nashri Putin amerikalik mavqedoshi Donald Trampga ham, Eron rasmiylariga ham Tehron uranni boyitishdan butunlay voz kechishi haqidagi kelishuv g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini aytganini xabar qilgandi. Nashrning yozishicha, Putin so‘nggi bir necha hafta ichida Tehronga shunday murojaat bilan “qayta-qayta” bog‘langan va bundan Isroil rasmiylari ham xabardor bo‘lgan. Biroq kecha, 13 iyul kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi “Axios” nashrining Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH bilan yangi “yadroviy bitim” tuzish uchun Eronni uranni boyitishdan voz kechishga yashirincha chaqirgani haqidagi maqolasini “maqsadli dezinformatsiya” deb atadi.
Live
Barchasi