Putin Tojikistonning 300 mln dollar qarzidan kechdi
Olam
−
17 iyun
6784Rossiya va Tojikiston “Sangtuda GES-1” qo‘shma korxonasi oldidagi elektr energiyasi yetkazib berishdan yuzaga kelgan qarzni bosqichma-bosqich hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Bu haqda Tojikiston parlamentining quyi palatasi tasdiqlagan bayonnomaga tayanib, “The Moscow Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiyadan bo‘lgan umumiy qarz miqdori 300 million dollarga teng. Joriy yilning aprel oyi oxirida Rossiya Energetika vaziri Sergey Sivilov va Tojikiston Energetika vaziri Daler Juma tomonidan imzolangan hujjatga ko‘ra, qarz 2034 yilgacha bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Bu amalda Rossiyaning Tojikiston aholisi uchun elektr energetikasini subsidiya qilayotganini anglatadi. Quvvati 670 MVt bo‘lgan “Sangtuda GES-1” mamlakatdagi elektr energiyasining qariyb 12 foizini ishlab chiqaradi. Stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasining yagona xaridori esa davlatga qarashli “Barki Tojik” xoldingi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Tojikiston Rossiyadan qarzlar bo‘yicha “sovg‘a” olgan yagona MDH davlati emas. Joriy yilning bahorida Vladimir Putin Belarusga davlat kreditlari bo‘yicha to‘lovlarni 7 yildan 12 yilgacha kechiktirishga rozilik berdi. Bu qaror Belarus byudjetining qarz bosimini kamaytirish zarurati bilan izohlandi. Hukumatlararo kelishuvga ko‘ra, Belarus qarzlarini 2031-2036 yillar davomida to‘laydi. Raqam bo‘yicha, qayta tuzilayotgan qarzlar hajmi 800 million dollarni tashkil etadi.
2023 yilda esa Rossiya Kuba uchun qiymati 1,2 milliard yevroga teng kredit bo‘yicha to‘lovlarni kamida besh yilga kechiktirgan. Ushbu mablag‘ ikkita elektr stansiya qurilishi uchun ajratilgan. Bundan tashqari, Moskva Kubaning 32 milliard dollarlik qarzini butunlay hisobdan chiqargan.
Shuningdek, o‘tgan yili Rossiya Gvineya-Bisauning 26,7 million dollar qarzini kechgan. Shuningdek, Rossiya ilgariroq Somaliga 691 million dollar qarzni qaytarmaslikka ruxsat bergan. Umuman olganda, Rossiya Afrika mamlakatlarining 20 milliard dollarlik qarzini hisobdan chiqargan. Bu mablag‘larning katta qismi Sovet Ittifoqi davridagi qurol-aslaha yetkazib berish bilan bog‘liq: Angolaning 3,5 mlrd, Efiopiyaning 5 mlrd, Jazoirning 5,7 mlrd va Liviyaning 4,5 mlrd dollar miqdorida qarzidan kechilgan.
LiveBarchasi