Putin sulhdan voz kechmoqchi, ammo buni Trampga aytishdan qo‘rqadi – Zelenskiy
Olam
−
14 mart
4438Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning fikricha, Rossiya rahbari Vladimir Putin AQSHning Ukraina bilan 30 kunlik sulh tuzish taklifidan voz kechmoqchi. Buning uchun u bajarib bo‘lmaydigan talablarni qo‘yadi. Bu haqda u kecha, 13 mart kuni o‘z video murojaatida so‘z ochdi.
“Hozir biz hammamiz Rossiyadan Putinning frontda tinchlik g‘oyasiga javoban juda bashoratli, juda manipulyativ so‘zlarini eshitdik – u amalda hozirgi holatga ko‘ra rad javobini tayyorlamoqda”, deydi Zelenskiy.
Shuningdek, Zelenskiy Putin Trampga urushni davom ettirish va ukrainaliklarni o‘ldirish niyati haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri aytishdan qo‘rqayotganini ham aytib o‘tgan.
“Putin ko‘pincha shunday qiladi – to‘g‘ridan to‘g‘ri “yo‘q” demaydi, lekin shunday yo‘l tutadiki, deyarli hamma narsa cho‘zilib ketadi va normal yechimlar imkonsiz bo‘lib qoladi. Biz bularning barchasini hozir Rossiyaning navbatdagi manipulyatsiyalari, deb hisoblaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH kelishuv rejimini nazorat qilish va tekshirishni ta’minlashni taklif qilgan.
“Biz biror narsani murakkablashtiradigan shartlarni qo‘ymaymiz. Buni Rossiya qilmoqda. Doim aytganimizdek, hamma narsani cho‘zadigan, konstruktiv bo‘lmaydigan yagona odam – bu Rossiya. Ularga urush kerak. Putin tinchlik yillarini o‘g‘irladi va bu urushni kunma-kun davom ettirmoqda”, degan Zelenskiy.
Uning qayd etishicha, hozir Rossiyaga bosim o‘tkazish va uni urushni tugatishga majburlashga yordam beradigan sanksiyalar joriy etish kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Rossiyani tinchlik kelishuvini ataylab cho‘zishda ayblagandi. Vladimir Putin esa kecha, 14 mart kuni Rossiya AQSHning Ukrainada vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi ekani, biroq har qanday sulh uzoq muddatli tinchlik va mojaroga sabab bo‘lgan omillarning bartaraf etilishiga olib kelishi kerakligini aytdi. AQSH Prezidenti Donald Trampning aytishicha, Putinning Ukrainada mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonoti “ko‘p narsani va’da qilishini”, ammo u hali “to‘liq emas”.
LiveBarchasi