Putin Ukrainadagi 30 kunlik sulhga rozi, biroq… (video)
Olam
−
13 mart
12611Rossiya AQSHning Ukrainada vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi, biroq har qanday sulh uzoq muddatli tinchlik va mojaroga sabab bo‘lgan omillarning bartaraf etilishiga olib kelishi kerak. Bu haqda bugun, 13 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Biz jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha takliflarga rozimiz, biroq bu to‘xtash shunday bo‘lishi kerakki, u uzoq muddatli tinchlikka olib kelsin va ushbu inqirozning dastlabki sabablarini bartaraf etsin”, dedi Putin.
AQSH va Ukraina vakillarining joriy yil 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkazilgan muzokaralari natijasida Kiyev agar Moskva ham shunday qadam tashlasa, 30 kunlik sulhga rozi ekanini ma’lum qildi.
“Bu g‘oya o‘z-o‘zidan to‘g‘ri va biz, albatta, uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biroq biz muhokama qilishimiz kerak bo‘lgan masalalar bor. O‘ylaymanki, amerikalik hamkorlarimiz bilan muzokaralar o‘tkazish lozim. Balki AQSH Prezidenti Tramp bilan bog‘lanib, u bilan birgalikda bu masalani muhokama qilish kerakdir. Lekin, bu mojaroni tinch yo‘l bilan yakunlash g‘oyasi biz tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi”, dedi Putin.
Putinning ta’kidlashicha, muhokama qilinishi zarur bo‘lgan masalalar qatoriga jangovar to‘qnashuv chizig‘ida sulh rejimiga rioya etilishini nazorat qilish, Rossiyaning Kursk viloyatida qolayotgan ukrainalik harbiylar taqdiri hamda Ukrainaga G‘arb tomonidan qurol yetkazib berilishi kabi jihatlar kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov “Rossiya-1” telekanaliga bergan intervyusida Moskva Ukrainada vaqtinchalik sulhga qarshi va uzoq muddatli nizoni hal etishdan manfaatdor ekanini aytgan edi. Putinning yordamchisi, shuningdek, Moskva Vashingtonning Rossiyaning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini tushunishiga umid qilishini va sulhni muhokama qilish jarayonida bu hisobga olinishi kerakligini ta’kidlagan. U shu tariqa ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lgan Rossiyaning Vashingtonga sulh shartlari bo‘yicha o‘z talablarini yetkazgani haqidagi xabarlarga izoh bergan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

